So`nggi vaqtda kasallik soni bilan bog`liq raqamlar haqida aholi o`rtasida har xil tushunarsiz savollar kelib chiqmoqda. Xabarlarda e`lon qilinayotgan bemorlarning soni haqiqiymi? Yoki buning ortida odamlarni karantin talablariga rioya etishga undash maqsadi turibdimi?
Ushbu savolga Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi boshlig`i Nurmat Otabekov AOKA huzuridagi shtabda bo`lib o`tgan brifingdan so`ng javob qaytardi:
— Raqamlarni bo`rttirib ko`rsatish yoki ularni kattaroq raqam qilib ko`rsatish — hech qachon O`zbekistondagi soha vakillarining maqsadi bo`lgan emas. Eng asosiysi, bizda kasallikni yashirishga urinish yo`q.
Laboratoriya tekshiruvi natijasida aniqlangan har bir shaxs qaysi hududdan ekani, qaysi aholi qatlamiga mansub ekani, u karantin hududida yo xorijdan kelan fuqarolar orasida qayd etilayotgani to`g`risida to`liq axborotni bir kunda 2 marotaba televidenie orqali ommaga etkazyapmiz.
Asosiy maqsadimiz — ularni xavotirga solish emas, ularni xushyorlikka chaqirish. Kasallik qo`zg`atuvchilari atrofimizda borligini, har bir ehtiyotsizlik kasallikni yuqtirib olish ehtimolini yuzaga keltirishi mumkinligini biz qayta-qayta eslatyapmiz.
Dunyo statistikasiga ahamiyat bering: bir kunda, masalan bugun (15 iyun) jahon miqyosida 123 mingta bemor qayd etildi, kecha 140 ming bemor aniqlangan.
Albatta, dunyo hamjamiyatidagi raqamlarning oldida O`zbekistonda ko`rsatkichlar birmuncha past. Bularning barchasi — biz, sizlar bilan birgalikda olib borayotgan targ`ibot-tushuntirish ishlarimiz, qolaversa, shu ishga jalb qilingan soha xodimlarining sa`y-harakatlari natijasi. Asosiy maqsad epidemik vaziyatni jilovlashga qaratilgan. Biz kasallik keng ko`lamda aholiga tarqalib ketishining oldini olish bo`yicha hamma ishlarni qilyapmiz. Aholiga to`g`ri ma`lumotni o`z vaqtida etkazishga harakat qilyapmiz, - deya izohladi mutaxassis






