Koronavirus pandemiyasi tufayli bu yilgi haj mavsumi yuzasidan Saudiya Arabistoni shu kunga qadar yakuniy qarorni e`lon qilmadi. Xabarlarga ko`ra, ayni paytda vaziyat baholanayotgani va yakuniy qaror yaqinda qabul qilinishi kutilmoqda, deya xabar bermoqda O`zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati.
Biroq, 10 nafarga yaqin davlatlar Saudiya Arabistonidan keladigan xabarni kutib o`tirmay, o`z fuqarolari uchun bu yilgi haj safarini bekor qildi. Shulardan biri – eng yirik musulmon aholiga ega bo`lgan Indoneziya bo`lsa, qolganlari Malayziya, Senegal, Nigeriya va Singapur, Hindiston hamda Evropa va Janubiy-Sharqiy Osiyoning ba`zi mamlakatlari o`z ziyoratchilarining hayoti va sog`lig`ini himoya qilish maqsadida «Haj–2020» mavsumini tashkil qilmaslik haqida qaror qabul qildilar.
Hukumatlar bunday qarorga kelishlarining asosiy omillari sifatida davlatlar o`z fuqarolari sog`lig`i uchun mas`ul ekani, bugungi murakkab sharoitda ularning sog`lig`ini saqlash juda mushkulligi hamda hajga boradiganlarning aksari keksalar bo`lgani bois ular kasallikka chalinish ehtimoli juda yuqoriligi bilan izohlaganlar.
Ta`kidlash lozimki, Saudiya Arabistonida ayni vaqtdagi epidemiologik vaziyat murakkabligicha qolmoqda, shu jumladan koronavirusga chalingan bemorlar sonining ortib borayotgani, har kuni o`rtacha 3800-4500 nafar kishida koronavirus aniqlanayotgani va 40-45 ta o`lim holati qayd etilayotgani haj safarini tashkil etish masalasida har bir davlatni chuqur o`ylantirib qo`ymoqda.






