1

“Bitta qurilish korxonasini deb, ham madaniyat markazi, ham madaniy meros ob`ekti abgor”

Madaniyat 18.06.2020, 15:36
“Bitta qurilish korxonasini deb, ham madaniyat markazi, ham madaniy meros ob`ekti abgor”

Farg`ona viloyati madaniyat markazi Farg`ona shahrining Kashtanzor ko`chasidagi 10-uyda, 1910 yilda qurilgan madaniy meros ob`ektida faoliyat ko`rsatib kelmoqda.

Madaniyat markaziga madaniyat va san`at sohasidagi o`tkazilgan “Ehtirom-2018” mukofotining “Eng namunali madaniyat markazi” nominasiyasi g`olibi, “Do`stlik” ordeni sohibi Sheralieva Tatyana Turgunovna rahbarlik qilib keladi.

Farg`ona viloyati madaniyat markazida 19 ta xalq havaskorlik jamoasi hamda 74 ta to`garak bugungi kunda 831 nafar yoshlarni o`ziga jalb etgan.

Xalq havaskorlik jamoasining 10 tasi raqs (shundan 7 tasi namunali bolalar jamoasi), 3 tasi vokal-cholg`u, 2 tasi estrada, 1 tasi oilaviy ashula va raqs, 2 tasi milliy cholg`u hamda 1 tasi xalq filarmoniyasi hisoblanib,
38 nafar madaniyat va san`at ta`lim muassasalarini (ko`pchiligi kollejlarni) tugatgan yoshlar faoliyat ko`rsatib kelmoqda.

Farg`ona viloyati madaniyat markazining faoliyati tahlillari yuqorida bildirilgan ijobiy fikrlarimizni isbotlaydi.

2015-2020 yillar davomida o`tkazib kelingan respublika va xalqaro ko`rik-tanlov va festivallarda viloyat madaniyat markazi badiiy havaskorlik jamoalarining 81nafar qatnashchisi faol ishtirok etib, viloyat tanlovlarida 10 ta, Respublika tanlovlarida 8 ta hamda xalqaro tanlovlarda 9 ta I-o`rin va
24 ta “Gran-pri” sohiblari bo`lishgan.

Viloyat madaniyat markazida 63 nafar xodim byudjet hisobdan,
14 nafar soha bo`yicha yosh kadrlar to`garaklar faoliyatini tashkil etish uchun jalb etilib, ishlab topilgan maxsus mablag`lar hisobidan ishlab kelmoqda.

Pandemiya bo`lishiga qaramasdan viloyat markazi xodimlari tomonidan to`garaklar uchun “Uyda qoling” shiori ostida 3000 dan ortiq onlayin mashg`ulot tashkil etildi.

Bu madaniyat markazi faoliyatidagi yutuqlar edi.

O`zbekiston Respublikasi Prezidentining “Farg`ona shahrining bosh rejasini amalga oshirish, 2012-2015 yillarda ijtimoiy va transport-kommunal infratuzilmasi ob`ektlarini qurish va rekonstruksiya qilish chora-tadbirlari to`g`risida”gi PQ-1641-sonli qaroriga asosan Viloyat madaniyat markazini qayta qurish va ta`mirlash bo`yicha “Yagona buyurtmachi xizmati injiniring kompaniyasi” tender tanloviga muvofiq “Quvasoy qurilish savdo servis” xususiy korxonasi tanlanganligidan muammo boshlangan.

Markazni ta`mirlash uchun ajratilgan mablag` to`liq moliyalashtirib berilgan. Lekin “Quvasoy qurilish savdo servis” xususiy korxonasi tomonidan bugungi kunga qadar qurilish ishlari 80%ga bajarilgan xolos. Bajarilgan ishlar ham aslida sifatsiz, binoning tom qismidan yomg`irli kunlarda bino ichiga chakkilar oqib turadi.

Bino devorining ichki va tashqi tomonlari ta`mirtalab ahvolga kelib qolgan. Binoning tomosha zalida ventilyasiya va isitish moslamalari o`rnatilmagan. Binoda kanalizasiya mavjud emas. Madaniyat markazi uchun muhim bo`lgan garderob va sahna liboslari saqlanadigan xonalar to`liq ta`mirlanmagan. Binodagi mavjud xona va tomosha zali elektr tarmog`iga to`liq ulanmagan, montaj ishlari oxiriga etkazilmagan.

Viloyat hokimligi “Yagona buyurtmachi xizmati injiniring kompaniyasi”ning so`rovnomasiga asosan viloyat madaniyat markazi 1 mlrd. 664 mln. so`m mablag`ni “Quvasoy qurilish savdo servis” xususiy korxonasiga o`tkazib bergan. Eng achinarlisi, ta`mirlash ishlarini yakunlamasdan, qilinganlari ham sifatsiz bo`lishiga qaramasdan ushbu xususiy korxona qolgan 123 mln. so`m mablag`ni talab qilib, viloyat tumanlararo iqtisodiy sudiga bir necha bor ariza bilan murojaat etgan.

Sudning hukmiga asosan, “Quvasoy qurilish savdo servis” xususiy korxonasi qurilish ishlarini yakunlab topshirish majburiyati yuklatilgan. Kassasiya instansiyasi sudning 2019 yil 3 yanvardagi hal qiluvchi qarorida ham qabul qilingan qaror o`zgartirishsiz qoldirilgan.

Ming afsuski, “Quvasoy qurilish savdo servis” xususiy korxonasi va Farg`ona viloyati hokimligi “Yagona buyurtmachi xizmati injiniring kompaniyasi” shartnoma shartlari va sud qaroriga binoan yuklatilgan majburiyatni bajarmasdan kelmoqda.

Bu muammoning yuzaga kelishida bugungi kunga qadar nega Farg`ona viloyati hokimligi “Yagona buyurtmachi xizmati injiniring kompaniyasi” chetda jim turishi, albatta jumboq.

Bizning maqsadimiz aslida, bu “jumboq” haqida emas, balki qurilish ishlarining uzoq yillardan buyon cho`zilib kelayotganligi va shu sabab Respublikadagi eng namunali madaniyat markazi faoliyatiga salbiy ta`sir ko`rsatayotganligini ta`kidlashdan iborat.

Birinchidan, 2012 yilda mazkur binoda faoliyat ko`rsatgan madaniyat markazida to`garaklar soni 128 tani, undagi ishtirokchilar soni
3028 nafarni tashkil etgan. Ularning 1060 nafari pul to`lashgan. Bugungi kunda74 ta to`garakda qatnashayotgan 831 nafar ishtirokchi 356 nafarga tushib qolgan.

Ikkinchidan, madaniyat markazi tomonidan 2012 yilda 30 mln. so`m ishlab topilgan bo`lsa, 2019 yilda inflyasiyaning o`zgarishlari hisobida 40 mln.pullik tushum qilingan. Aslida bu ko`rsatgich 100 mln. so`mni tashkil etardi.

Uchinchidan, 2012 yil 1 yanvar holatida tadbirlar soni 486 tani tashkil etgan bo`lsa, 2019 yilda 224 tani (ya`ni 50%dan kam) tashkil etmoqda.

To`rtinchidan, 2012 yilda Farg`ona viloyati madaniyat markazida maxsus mablag` hisobidan 29 nafar xodim ishlagan. Bu 29 ta yangi ish o`rni degani bo`lsa, bugungi kunda ularning soni 14 nafarni tashkil etmoqda.

Beshinchidan, madaniyat markazi tomonidan bugungi kunda faqatgina joylarda badiiy havaskorlik jamoalarining pullik konsertlari tashkil etish orqali pul tushirishmoqda. Pullik tadbir va konsertlar tashkil etish uchun salkam 8 yildan buyon vaqtincha shart-sharoitga ega bo`lmagan, amfiteatr binosida faoliyat yuritib kelmoqda.

Farg`ona viloyati madaniyat markazi binosini to`liq ta`mirlash va jihozlash ishlari amalga oshirilsa:

Qo`shimcha 40 ta havaskorlik to`garaklari faoliyati tashkil etiladi. Buning natijasida 500 nafar yoshlarni jalb etish va qamrab olish hamda qo`shimcha 20 ta ish o`rni tashkil etish imkoniyati yaratiladi.

Viloyat madaniyat markazi Respublikada ilk tarjiba sifatida Farg`onadagi mavjud 83 ta madaniyat markazi xodimlari uchun “Ilg`or tajriba maktabi” sifatida tajriba almashish va xodimlar malakasini oshirish maskaniga aylantiriladi.

Madaniyat xodimlari uchun madaniyat markazlari va undagi to`garak, studiya va jamoalar faoliyatini tashkil etish, qo`shimcha madaniy faoliyat turlari va xizmatlarini oshirish, aholiga xizmat ko`rsatish sifatini yaxshilash, eng ilg`or tajribalarni ommalashtirish bo`yicha o`quv-seminar va mashg`ulotlar, onlayin muloqotlar tashkil etadi.

Markazda tajriba tariqasida «bookcafe», intellektual «Yoshlar» kafesi hamda wi-fi hudud tashkil etilib, ularning faoliyati yo`lga qo`yiladi.

Maxsus avtobus sotib olib berish orqali nafaqat Farg`ona shahrida, barcha tuman-shaharlarda, shuningdek, qo`shni viloyatlarda namunali pullik konsert-tadbirlarini namoyish etish imkoniyatga ega bo`ladi.

Har bir soha va yo`nalish, ayniqsa, madaniy meros ob`ektlari va madaniyat markazlarini buguni zamon talablari asosida tashkil etish orqaliaholiga madaniy xizmat ko`rsatish samaradorligi va sifatini yaxshilash, pullik tushum va xizmat ko`rsatish bo`yicha orttirilgan tajribalarni sohaga keng tadbiq etish imkoni paydo bo`ladi.

 

                                                                                                                                                                                                                                          Amonqulov Qurbonmurot,

                                                                                                                                                                                                                                            Madaniyat vazirligi

                                                                                                                                                                                                                                             boshqarma boshlig`i o`rinbosari

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1