“Tabiiy gaz va elektr energiyasini sotish mexanizmini takomillashtirish bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida” Prezident Farmoni (PF-6010-son, 18.06.2020 y.) qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining huquqiy axborot kanali xabar bermoqda.
Farmonga muvofiq, 2020 yil 1 avgustdan Majburiy ijro byurosining qo`yidagi vakolatlari tegishli tashkilotlarga o`tkaziladi:
- elektr energiyasi va tabiiy gaz iste`molini nazorat qilish va hisobga olishning zamonaviy avtomatlashtirilgan tizimlari, shuningdek, muqobil energiya manbalarini joriy etilishini tashkil etish va ushbu jarayonlar ustidan monitoring o`tkazishga doir vazifa va vakolatlar – Energetika vazirligiga;
- elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun to`lovlarni o`z vaqtida va to`liq undirilishini ta`minlash, iste`molchilarning qarzdorligini kamaytirish, shuningdek, elektr energiyasi va tabiiy gaz sotuvi va iste`molini hisobga olishga olish bo`yicha vazifa va vakolatlari – “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ va “Hududgazta`minoti” AJning hududiy tashkilotlariga;
- elektr va gaz taqsimlash tarmoqlariga noqonuniy ulanish, talon-taroj holatlarini aniqlash, bartaraf etish va oldini olishga doir vakolatlar – “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ va “Hududgazta`minoti” AJning hududiy tashkilotlariga hamda tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organlarga;
- elektr energiyasi va tabiiy gazni ehtiyot qilish va ulardan foydalanish yuzasidan iste`molchilarning huquqiy madaniyatini va mas`uliyatini oshirishga doir vazifa va vakolatlar – Energetika vazirligi, Hududiy elektr tarmoqlari” AJ va “Hududgazta`minoti” AJga;
- energiya resurslari uchun hisob-kitob qilinishini ta`minlash tizimini kompleks tahlil qilish, tizimli muammolarni aniqlash, takomillashtirish bo`yicha takliflar ishlab chiqishga doir vazifalar – Energetika vazirligiga.






