AsosiyJamiyat

Xalq banki, tug`ruqxona, dehqon bozorlari... Zoyir Mirzaev karantin tartiblariga amal qilmayotgan muassasalarni keskin tanqid qildi

'Xalq banki, tug`ruqxona, dehqon bozorlari... Zoyir Mirzaev karantin tartiblariga amal qilmayotgan muassasalarni keskin tanqid qildi'ning rasmi

Bugun viloyat maxsus komissiyasining navbatdagi yig`ilishi bo`lib o`tdi. Yig`ilishda viloyat hokimi, komissiya raisi Z.Mirzaev so`zga chiqib, karantin davrida yo`l qo`yilayotgan bir qator kamchiliklarga to`xtalib o`tdi.

- Yurtimizda koronavirus pandemiyasi e`lon qilinganiga mana salkam 4 oy bo`ldi, - dedi viloyat maxsus komissiya raisi Zoyir Mirzaev. - Pandemiya – epidemiyaning yuqori nuqtasi hisoblanib, lotinchada “butun xalq”, “barcha xalqlar” degan ma`noni anglatadi. Nomidan ko`rinib turibdiki, bu ofat, bu balo chegara bilmaydi. Hali biror bir davlat bu ofatga qarshi na iqtisodiy va na tibbiy echim topolgani yo`q.

O`zbekistonda muhtaram Yurtboshimiz tomonidan o`z vaqtida virusni kirib kelishi va uni tarqalishini oldini olish bo`yicha tizimli ijobiy ishlar amalga oshirilgani bizda nisbatan kam talofat bilan o`tmoqda.

Ammo, yuqorida aytganimizdek, bu kasallik zamon va makon tanlamaydi. Bugun O`zbekistonda 5370 nafar fuqaroda virus aniqlangan bo`lsa ularning 4166 nafari (72%) sog`ayishiga erishildi.

Pandemiya e`lon qilingandan buyon bugungi kunga qadar viloyatda jami 15965 nafar fuqarolar karantinga olindi. Ularning 3560 nafari epidemik davlatlardan kelgan. 250 nafari chet el fuqarolaridir.

Ularning 14237 nafari 14 kunlik tibbiy kuzatuv muddati tugallanib, sog`ligi qoniqarli deb topilgan.

Bugungi kunda viloyat bo`yicha 1728 nafar fuqaro karantinga olingan. Ularning 1403 nafari (386 ta xonadonda) uy sharoitida 325 nafari stasionar sharoitda karantinda saqlanmoqda. Shundan 120 nafari chet el fuqarolari  (102 nafari Qozog`iston, 18 nafari Turkiya fuqarosi).  

Viloyatda dastlab 6 nafar fuqaroda virus aniqlanib, ular sog`aytirilib uylariga javob berilgan edi. Qashqadaryoda birorta bemor yo`qligi sababli “yashil hudud”ga o`tkazilib karantin talablari birmuncha yumshatildi.

Ammo, joriy yil 5-18 iyun kunlari yana 160 nafar fuqaroda konoravirus infeksiyasi borligi tasdiqlangan. Ularning 94 nafari Qozog`iston, 6 nafari Turkiya va 60 nafari O`zbekiston fuqarolaridir.

Ko`rib turganingizdek, hali hotirjam kayfiyatda yurishga hech kimning haqqi yo`q.  Shuning uchun Chiroqchi, Kitob tumanlari “qizil” va Muborak tumani “sariq” hududga aylantirildi.

Viloyatini “yashil hudud” deb e`lon qilingani, karantin talablarini yumshatilganini su`iste`mol qilish holatlari davlat va jamoat tashkilotlari rahbar va mas`ul xodimlarida ham fuqarolarda ko`payib bormoqda. Bugun biz Siz bilan aniq misollar orqali shu haqda ochiqchasiga gaplishib olish uchun yig`ildik. Shahar, tuman hokimlari, sektor rahbarlari va boshqa tegishli rahbarlar bugun bunday holatga yo`l qo`yganlariga izoh beradilar.

Keling, viloyat markazi bo`lgan Qarshi shahridan boshlaylik, “Erqo`rg`on” oziq-ovqat dehqon bozorida 5 ta darvoza bo`lib, shundan 3 tasida tibbiyot xodimlari biriktirilgan, dezbarer, pirometr va filtr tashkil qilingan. Qolgan 2 ta darvoza nazoratsiz qoldirilgan.

Xuddi shunday holat Eski shahar hududidagi dehqon bozorida ham kuzatiladi. To`g`ri, bozorda bitta darvozadan kirib-chiqish tashkil etilgan, kirish joyida SES xodimlari turibdi ammo dezinfeksion arka va tushak yo`q.

Shuningdek, shahar elektr tarmoqlari, Qarshi shahar hududgaz korxonasining kirish joyida dezbarer, filtr va antiseptik vositalar to`liq tashkil etilmagan. Tashrif buyurayotgan fuqarolar tomonidan ijtimoiy masofa saqlash tartibiga rioya qilinishi tashkilot ma`muriyati tomonidan nazorat qilinmayapti. Tashrif buyuruvchilarning tana harorati o`lchanmasdan ichkariga kirishga ruxsat berilmoqda.

Bundan tashqari, ruxsat berilgan aksariyat umumiy ovqatlanish joylarida karantin talablari to`liq bajarilmaslik holatlari kuzatilmoqda. Jumladan, oshxona xodimlari rezina qo`lqoplardan to`liq foydalanmasdan xizmat ko`rsatmoqda. Tashrif buyuruvchilarning tana harorati o`lchanmasdan ichkariga kirishga ruxsat berilmoqda. Ijtimoiy masofa saqlanmasdan fuqarolarning to`planib qolishiga imkon yaratilmoqda. Oraliq masofa saqlanmayapti.

Shuningdek, viloyat Xalq banki binosida bank xodimlari tibbiy niqobdan to`liq foydalanishi yo`lga qo`yilmagan. Mijozlar o`rtasida ijtimoiy masofa tashkil etilmagan, fuqarolar to`planib qolmoqda. 

Mirishkor tumanidagi Pomuq, Jeynov va Kalta  oziq-ovqat dehon bozorlari 2 ta kirish-chiqish darvozalarida dezbarer, filtr, teplovizor tashkil qilinmagan. Mirishkor tuman markazida qurilish ishlari olib borilayotgan “Elnur savdo majmuasi” ishlayotgan ishchi xodimlar tibbiy niqobsiz, ijtimoiy masofaga rioya qilmasdan ishlashga yo`l qo`yib berilmoqda. Rahbarlar nega bu holatga loqayd qaramoqdalar?

Shahrisabz tumani  Chorshanbe MFY xududidagi TTB xududidagi  tug`ruqxona binosida olib borilayotgan qurilish va rekonstruksiya ishlariga jalb qilingan ishchi-xodimlar karantin qoidalariga rioya qilmasdan ishlamoqdalar, tibbiy niqobdan foydalanilmayapti, ishchilar o`rtasida ijtimoiy masofa saqlanishiga e`tibor bermayapti.  

Muborak tumani markazida joylashgan  oziq-ovqat dehqon bozori xududida mahsulotlar savdosi tartibsiz holatda. Mavjud artezian quduq ta`mirlanmagan, atrofi tozalanmagan. Bozorda chiqindilar vaqtida olinmaydi, atrofga sochilib, har xil yuqumli kasalliklar tarqalishi uchun zamin yaratilmoqda. Shuningdek, Qarliq kunlik bozorida mahsulotlar ochiq holatda tartibsiz sotilayotgani, mevalarni yuvish, qo`l yuvish uchun sharoitlar yo`qligi sababli vaqtincha yopilgan. Ushbu ikkala bozor ham karantin talablarini bajarmagunga qadar yopiladi. 

Koson tumani markaziy oziq-ovqat dehqon bozori kirish chiqish darvozalarida filtr to`liq tashkil etilmagan, bozor xududida ko`plab fuqarolar niqobsiz holatda yurib xarid amalga oshirmoqda, ijtimoiy masofa saqlash qoidasiga rioya etilmayotgani sababli yopiladi. 

Chiroqchi tumani xududida joylashgan barcha oziq-ovqat dehqon bozorlarida karantin qoidalariga rioya etish qoniqarsiz holatda. Bozor xududida joylashgan savdo do`konlarida, jumladan, YaTT faoliyati bilan shug`ullanuvchi A.Jalilovaga qarashli oziq-ovqat savdo do`konida dezinfeksion to`shamalar, pirometr tashkil qilinmagan, antiseptik vositalar mavjud emas. Bu kabi misollar Chiroqchi va G`uzor tumanlarida anchagina.

Kasbi tumani xududida joylashgan, davlat ro`yxatidan o`tmagan va noqonuniy faoliyat ko`rsatib kelayotgan 8 ta bir kunlik bozorlar, jumladan, Koinot nuri, Komilon, Denov, Kasbi, Fazli, Pandiron, G`alaba va Mesit bozorlarida karantin vaqtida tibbiy post, dez barer tashkil etilmagan, rastalar etishmaydi, atrofi o`ralmagan. Tez buziluvchi mahsulotlar erda sotilmoqda. Darvoza va aniq kirish joyi tashkil etilmagan. Ushbu bozorlar ham karantin talablarini bajarmagunga qadar yopiladi. 

Qamashi tumani “Fayz” oziq-ovqat dehqon bozori  xududida joylashgan barcha umumiy ovqatlanish joylari sanitariya-gigiena talablariga javob bermaydi. “Fayzullo bobo o`g`li Abdurashid” xususiy korxonasiga qarashli oshxona kirish joyida dezinfeksion to`shama tashkil etilmagan, antiseptik vositalar yo`q.

Yakkabog` tumani tibbiyot birlashmasiga qarashli QOPning G`urjob filialida filtr, dezinfeksion to`shama, antiseptik vositalar tashkil etilmagan. Emlash xonasi bilan muolaja xonasi bitta xonada tashkil etilgan. Shuningdek, tuman elektr tarmoqlari korxonasining kirish eshigida filtr, dezinfeksion to`shama, antiseptik vositalar tashkil etilmagan. Xodimlar va mijozlar o`rtasida oraliq masofa saqlanishiga e`tibor qaratilmagan.

Nishon tumani YaTT Mamatqulov Faxriddin, YaTT Botirov Obid Sheralievichga, Nataliya Amanovnaga qarashli umumiy ovqatlanish korxonalarida ishchi xodimlari ogohlantirishga qaramay karantin tartiblariga rioya qilmasdan, tibbiy qo`lqopsiz va tana haroratini o`lchash uchun pirometr tashkil qilmasdan ishlamoqda. “Ikrom qizi Go`zal” xususiy korxonasiga qarashli oziq-ovqat savdo do`konida dezbarer (dez to`shama), pirometr yo`q, ishchi xodimlar tibbiy qo`lqopsiz ishlamoqda. 

Bunday kamchiliklar boshqa tumanlarda ham davlat tashkilotlarida ham mavjud. Hattoki Qarshi shahriga kirish joylarida tashkil etilgan postlarda ba`zi hollarda mashinalarga dezinfeksion suyuqlik sepilmayapti.

Eng achinarlisi, ayrim tuman hokimliklarini o`zida kirish-chiqish joyida pirometrlar yoki yaxshi ishlamaydi, yoki biriktirilgan xodim ishlatishni bilmaydi. kuni  kecha bunga shaxsan o`zim ham guvoh bo`ldim.

Taksilarga haydovchilarni yo`lovchilardan ajratib turadigan shaffof plenka bilan ajratilgan holatda, mashinani ma`lum bir masofadan keyin dezinfeksiya qilish sharti bilan,  jamoat transporti bo`lgan avtobuslarga esa tibbiy niqob va qo`lqopda yurishi va har yakuniy bekatda dezinfeksiya ishlarini amalga oshirish sharti bilan ruxsat berilgandi. Ammo aksariyat hollarda avtobuslarda niqobsiz, duch kelgan yo`lovchini mindirib ketaytganliklarini ko`rish mumkin. Orqa o`rindiqga 3 kishini olmoqda. Tibbiy qo`lqopniku aytmasa ham bo`ladi. Ayrim haydovchilarni o`zida ham yo`q. Xush, qaysi hokim yoki transport boshqarmasi, uyushma rahbari bugun baralla shu tartibga to`la rioya etilayotganini ayta oladi? Birontangiz javob berolmaysiz! Chunki bu tartibga to`la rioya etilmayapti!

To`y va marakalarda belgilangan kontentgagina ruxsat berilgan edi. Bizdagi ma`ulomotlarga ko`ra, bugun tuylarda ham 30 kishidan ortiq fuqarolar to`planmoqda.

Xush, bunday holatlarda nega Sog`liqni saqlash, Osoyishtalik markazi va sanitariya-nazorat boshqarmasi va unig joylardagi inspeksiyalari jonbozlik ko`rsatmayapti? Faqat viloyat hokimligi topshirig`idan so`ng yugurib borib ma`lumot qilib kelish bilan biror ish bitadimi?

Yig`ilish ishtirokchilari viloyatni koronavirus pandemiyasi kirib kelishi va tarqalishini oldini olish faqatgina hokimiyat, tibbiyot xodimlari yoki ichki ishlar xodimlarinigina vazifasi emas. bu har bir fuqaroni faol fuqarolik pozisiyasidagi vazifasi. Buni aholiga to`g`ri tushuntirsak albatta fuqarolarimiz to`g`ri tushunadi va bajaradi. Buni biz amaliyotda ko`rdik. Faqat rahbarlar o`z vazifasini sidiqidildan bajarib, ozroq jonini koyitib ishlashi kerak xolos.      

Viloyat maxsus komissiya raisining taqdim etgan ma`lumot va ko`rsatmalaridan so`ng, mas`ullarga tegishli topshiriqlar komissiya qarori asosida taqdim etilishi, qaror ijrosiga e`tiborsizlik bilan qaraganlar qonun doirasida jazolanishi ta`kidlandi.

Qashqadaryo viloyat hokimligi Axborot xizmati.

    Boshqa yangiliklar