“Yuragimda saqlaganlarim...” Ushbu sahifa bugun muxlislar uchun darddosh va sirdoshga aylandi. Ular qalbida yillar, oylar davomida saqlab kelgan kechinmalarini unga to`kib solmoqda. Bu galgi voqea qahramoni navoiylik Sanobar opaning maktubi ham bunga yaqqol misol...
Bu gaplarni hech qachon o`zingizga, yuzingizga termilib ayta olmayman. O`ylab turib, telefonda aytishimga ham ko`zim etmasligiga amin bo`ldim. Ammo bu tutgan yo`lim orqali dil so`zlarim sizga etib borishiga ishonchim komil. Chunki yaqinda kelganingizda ham o`sha uzoq va sovuq o`lkalarga “Darakchi”ning etib borishini, sizlar talashib-tortishib o`qishingizni aytgandingiz. Demak, mening bu qalb nidolarimni albatta eshitasiz.
Dadasi, ochig`ini aytsam o`sha maktab davrlarida sizni u qadar xushlamaganman. Dugonalarim “Bizdan ikki sinf yuqorida o`qiydigan falonchi seni yaxshi ko`rarmish”, deganida ham yuzim burishgani rost. Lekin ayol zotining qulog`i bilan sevishi chin ekan. Sizning o`zimga bo`lgan mehringiz, muhabbatingiz haqida o`zgalardan eshitaverib-eshitaverib yuragimda nimadir paydo bo`layotganini sezdim. Bitta mahalladan, bir joydan bo`lganimiz bois oilalarimiz bir-biri bilan tanish, erta bir kuni sovchi yuborsangiz muammo bo`lmasligi tayin edi. Yana yaxshi oilaning farzandisiz.
- O`zi ham kelishgan yigit. Qara, hind aktyorlariga o`xshaydi. Lekin oppoqqina. O`zim eshitdim, sinfidagi qizlaridan ikki-uchtasi yaxshi ko`rib, o`zlari osilib yurarkan. Lekin u parvo qilmabdi. Hammaga seni sevishini aytibdi...
Ilgari o`zimni bunaqa gaplarni jini suymaydigandek tutgan bo`lsam, endi sukut bilan eshitar, hatto bir-ikki savollar berib dugonalarimning jig`iga ham tegardim.
- Senga masxara qilish bo`lsa... O`lasan, shunaqa kulishingni bilsa, yuzingga qaramay ketadi. Keyin boshqa qizlar boshini aylantiradi. Cen qolaverasan, barmog`ingni tishlab! — dedi qizlar.
Men esa o`zimni beparvo tutishimni qo`ymadim. Maktabni bitirganimdan so`ng mendan so`rab ham o`tirmay sovchi yubordingiz. Lekin onam unamadi. O`sha damlarda onam rahmatlining ko`ngli nimalarnidir sezganmikan? Besh-olti marta kelgan sovchilar quruq qaytaverishdi.
- Qizim yosh. Endi maktabni bitirdi. Hali turmushga bermayman, — deb turib olgandi ota-onam atay qilgandek.
Sovchilarning quruq qo`l bilan qaytayotganidan ichimda bir nima uzilgandek bo`lardi. O`sha damlarda sizga nisbatan qalbimda nimadir allakachon uyg`onganiga amin bo`ldim. Dardimni hech kimga ayta olmas, siz bilan taqdir yo`llarim bog`lanmaganidan o`kinardim.
- Onangga asta aytsang bo`lmaydimi? Nahotki, unda ko`ngling yo`q. Muhabbating uchun kurashmaysanmi? — deb qolardi hamma gapdan boxabar dugonalarim kuyinib.
- O`zi kurashsin! Men nima qilay? Qo`limdan nima keladi? — derdim hamon o`zimni parvoyi falak tutishga urinib.
- Kurashyapti-ku! Tinmay sovchi yuborayotgan bo`lsa. Nima endi seni olib qochsinmi? Senam ro`yxushlik bermagan bo`lsang. Indamaganingga shuncha marta sovchi yubordi. Agar yuragingni bilsa bormi, sovchilarini ketgani ham qo`ymasdi...
- Yuragimda nima bor ekan? — jahl qildim oxiri bir kuni g`ururimga tekkanidan.
- Bo`ldi qil, sevishingni ko`zlaring a ytib turibdi. U ham shunaqa derkan doim. “Ko`zlari menga sevgi izhor qilib bo`lgan, shuning uchun sovchi yubordim”, derkan. Endi tan olaqol...
Boshim egildi. Tan olganimdan nima foyda? Baribir ota-onamga bir nima deyolmasam...
Bu orada sizning ota-onangiz ra`yingizga ham qaramay boshqa qiznikiga sovchilikka borayotgani haqida eshitdim. O`sha qizni ko`chada ko`rib qolganida rashkdan yuragim kuyib kul bo`lay dedi. Qizda zig`ircha ayb yo`qligini bilsam-da, yomon ko`rdim. U bo`lsa, meni to`xtatib gapirdi:
- Sanobar, mendan xafa bo`lma. Sovchilarga aloqam yo`q. Buni bilasan, o`zing ham. O`ylama, seni sevishini bila turib, unga tegmayman. Ammo bilib qo`y, agar senda ko`ngli bo`lmaganda edi, birinchi sovchisigayoq rozilik berardim. U har bir qiz orzu qiladigan yigit...
Bu gaplar yuragimda mudrab yotgan muhabbatni olovlantirgandek bo`ldi. O`zimcha, “Agar sovchilar yana bir bor kelsa, o`zim onam bilan gaplashaman”, deya bir to`xtamga keldim. Lekin sizning ota-onangiz endi boshqa eshiklarni taqillata boshlagandi. Chidolmadim. Bir dugonamdan maslahat so`radim:
- Ota-onasi ham qiynalib ketdi. Menimcha, qishloq qizlarining hammasi uning dilini biladi, tegmaydi. Nima qilsam ekan?
- Boshida onangga shipshishing kerak edi... — dedi dugonam.
Shu suhbatimiz sizning qulog`ingizga etib borgan ekan. Darhol o`sha dugonamga xat tutqazibsiz. Hech esimdan chiqmaydi. Unda to`rtta so`z yozilgandi: “Sovchilar yana boradi, kurash!”
Shunday bo`ldi ham. Ota-onangiz yana eshigimizni qoqdi. Onam menimcha, ahdingiz qattiqligini bildi shekilli, mendan imo bo`lmasdanoq rozilik berdi. Albatta, siz buni mening harakatim deb tushundingiz va yanada mehringiz ortdi.
Biz shu tarzda turmush qurdik. Ikki qiz, bir o`g`ilning ota-onasiga aylandik. Bolalarimiz bo`y etguncha havas qilgulik oila edik. Ishingiz ham, topish-tutishingiz ham yaxshi edi. Davlat ishida ishlab turib, qo`shimcha daromat qilish uchun qishloqlardan daraxt yig`ib kelib, bozorda sotardingiz. Albatta, bunda sheriklaringiz yordam berardi. Yaxshigina pul qolardi. Odamlardan arzonroqqa olingan daraxtlar, bozorga borguncha qurilish ashyosiga aylanib, narxi qimmatlashardi. Shuning ortidan ro`zg`orimiz obod bo`ldi. Afsuki, baxtli hayotimizni barbod qilgan ham shu edi. Chunki siz o`sha begona qishloqlarda ishlab yurib, o`zga ayolning tuzog`iga ilindingiz. Men buni darrov bilganman. Ayol yuragi shunaqa. Xiyonatni tez sezadi. Lekin ishongisi kelmay, vaqtni boy beradi. Men ham vaqtni, sizni boy berdim. U sizni “sehrlab” bo`lgandi.
- Biram zerikarli bo`lib qolyapsan. Qariyapsanmi? Kamgapsan, ezilib hamma narsani o`ylayverasan, — degan gaplarni aytadigan bo`ldingiz.
- Qiz chiqarib, o`g`il uylantiradigan paytimiz kelyapti. Shunga yarasha bo`lamiz-da, — derdim.
Ilgari keksalarga xos fazilatlarni qadrlardingiz. “Sen avvaldan donosan, vazminsan. Shu xislatlaring yoqadi”, dedingiz. Endi bu fazilatlardan zerikmoqda edingiz.
- Tashvishing faqat ro`zg`or. Bir o`ynab-kulishni ham bilmaysan. Sen bilan o`tirgan odam ziq bo`lib ketadi.
- Shunchalar ham zerikarli bo`lasanmi? Sal o`zgar...
Mana shu kabi gaplarni tez-tez eshita boshladim. Siz mendan zerikayotgandingiz. Har bir aytgan so`zingiz yuragimga hanjar bo`lib sanchilar, bir og`iz indamasdim. Sizga yoqish uchun qanday o`zgarishni ham bilmasdim. Dardim ichimda edi.
Keyin hammasi ayon bo`ldi. Sizni tuzog`iga aylantirgan ayol yoshgina, yana buning ustiga sho`x ekan. Bizning tilda “taypishroq”. Yanayam to`g`rirog`i, yoshiga yarashmagan qiliqlari ko`p.
Ana shunday ayol sizni o`zi bilan xorijga ketishga rozi qilibdi. Kutilmaganda yo`lga otlanib qoldingiz. Bu paytda men hammasini bilardim. O`zingiz tan ham olgandingiz:
- Ha, uni nikohimga oldim. U bilan hayot boshqacharoq. Sizlarni tashlab qo`ymayman. Topganim sizlarniki, o`zim unikiman. Birga ketyapman, ishlagani. U anchadan buyon o`sha yoqda ishlab pul topib kelarkan. Pul deganiga ishqivoz ham emas...
- Mayli. Buni bolalar bilmasin! Shunchaki “Ishlagani ketyapman deng”, — dedim doimgidek o`zimni beparvo tutishga urinib.
O`shanda yuragimdagi olov butun vujudimni kuydirib yubormaganiga hayron qolaman. Topgan bardoshimdan hayratga tushaman. Bir og`iz yomon gapirmabman-a!
Mendan ketayotganingiz, buni tan olganingiz, yana uzoqqa yo`l olayotganingiz qanchalar azob bo`lganini tasavvur ham qila olmaysiz.
Bu iztirob, g`am uch yilga cho`zildi. So`zingizdan chiqdingiz. Bizni unutmadingiz, pulga zoriqtirmadingiz. Men siz yuborgan pullarni ishlatmadim, yig`ib yurdim. Hunarim ortidan topganimga ro`zg`or tebratdim. Uch yil o`tib bir ahvolda kirib keldingiz.
Dadasi, o`shandagi ahvolingizni ko`rib o`zimni yig`idan zo`rg`a tutib qolgandim. Ozib, qop-qora bo`lib ketgandingiz. Kayfiyatsiz ekanligingizdan o`sha ayol bilan munosabatlaringiz darz ketganini bildim. Telefondagi suhbatingiz yanayam bu fikrim to`g`riligini isbotladi.
- Sen bilan ora ochiq. O`sha topganing bilan yashayver. Telefon qilma, dedim-ku! — deganingizni eshitib qoldim.
Qizarib ketdingiz.
- Boshqasini topib olibdi. Mendan yoshroqmish u, — dedingiz erdan ko`z uzmay.
Eshitmaganga oldim. Sizning aftoda ahvolingizni ko`rgim kelmadi. Asta-sekin ko`nglimga yo`l topishga urindingiz.
- Sen baribir boshqachasan. Vazminliging, keksalarga xos mulohazakorligingga oshiq bo`lganmanda o`zi, — dedingiz bir kuni.
Bu gaplar qulog`imni tirnab kirgandek, soxta va shunchaki mulozamatdek tuyuldi. “Zerikarlisan”, degan so`zingiz bu gapingizdan ko`ra haqqoniydek, tabiiydek eshitilgandi o`shanda.
Baribir hurmatingizni joyiga qo`yishga, boshingizni egmaslikka harakat qilaman. Ammo yuragimda qolgan nimadir sizni o`ziga yaqin bo`lgani qo`ymaydi. Buni sizga aytolmayman, aytmayman.
Farzandlaringiz yonida ilgarigidek munosabat qilaman. Yolg`iz qolganimizda esa muzga aylanaman. Bularning hammasi ixtiyorimdan tashqarida.
- Kechira olmaysan-a? — dedingiz bir-ikki bor.
Kechirishni istayman, dadasi. Lekin yuragim ilimaydi, muzlab, qotib qolgandek.
Ehtimol, mana shu munosabatim tufayli yana uzoqlarga ketishga jazm qilgandirsiz? Uning yonida emasligingizga, boshqa joyga ketganingizga ishonaman. Ammo hamon qalbim sovuq va bo`m-bo`sh.
Buning uchun mendan xafa bo`lmang, dadasi. Men hech qachon sizning obro`yingizga putur etkazadigan, boshingizni egadigan ish qilmayman. Odamlar, bolalarimiz oldida men hamon sizni jondan ortiq ko`ruvchi Sanobarman. Bundan ko`nglingiz to`q bo`lsin!”
KAMINA oqqa ko`chirdi





