AsosiyJamiyat

Barcha bakteriyalarni yo`q qila oluvchi antibiotik yaratildi

'Barcha bakteriyalarni yo`q qila oluvchi antibiotik yaratildi'ning rasmi

AQShning Prinston universiteti olimlari antibiotiklarga eng chidamli bo`lgan bakteriyalarni ham yo`q qila oladigan birikmani topishdi. Ular olib borgan tadqiqot natijalari Cell nashrida e`lon qilingan.

SCH-79797 deb nomlangan bu birikma qo`sh ta`sirga ega: u bir vaqtning o`zida bakteriya devorlarini teshib o`tib, ular hujayralaridagi foliy kislotasini emira oladi. Shu bilan birga bakteriyada birikmaga qarshi chidamlilik ishlab chiqilmaydi."

Ta`kidlanishicha, oxirgi 30 yil ichida grammanfiy bakteriyalarni o`ldira oladigan birorta yangi dori vositasi ishlab chiqilmagan. Bu bakteriyalarning grammusbat bakteriyalardan asosiy farqi shundaki, grammanfiy bakteriyalar ularni ko`plab antibiotiklardan himoyalovchi tashqi qatlam bilan himoyalangan. 

Tadqiqot rahbari professor Zemerom Gitayning ta`kidlashicha, SCH-79797 birikmasi bir vaqtda ham sirtdan, ham ichkaridan hujum qilib, eng kuchli bakteriyalar – Escherichia coli ichak tayoqchasidan tortib barcha ma`lum antibiotiklarga chidamli bo`lgan stafilokokk va gonokokkgacha bo`lgan bakteriyalarni yo`q qila oladi. Professor birikmani “uchi zaharlangan nayzaga” qiyoslagan.

“Bu ham grammusbat, ham grammanfiy bakteriyalarga hech qanday qarshilikka uchramay ta`sir qiladigan birinchi antibiotikdir. Biz kelgusida bu birikma yangi turdagi antibiotiklar paydo bo`lishiga olib kelishiga umid qilmoqdamiz”, deb aytgan Gitay. Uning aytishicha, birikma “irrezistin” deb nomlangan.

Antibiotiklarning asosiy muammosi shundaki, bakteriyalar ularga qarshi rezistentlik (chidamlilik) ishlab chiqaradi. Olimlarning ta`kidlashicha, tadqiqotlar shuni ko`rsatdiki, birorta bakteriya SCH-79797’ga qarshilik qila olmagan. Ularning ta`kidlashicha, bu orzudagi doriga o`xshaydi – bakteriyalarga qarshi samarali, o`ziga chidamlilikni shakllantirmaydigan va shu bilan birga odamlar uchun xavfsiz bo`lgan antibiotik. 

Odatda yangi antibakterial vositani ishlab chiqish quyidagi tarzda kechadi: olimlar bakteriyalarni o`ldiruvchi molekulani topishadi, mikroorganizmlarning bir necha avlodini etishtirib, ularning olingan molekulaga chidamlilikni qanday ishlab chiqishini kuzatishadi, so`ngra molekulaga tegishli o`zgartirish kiritishadi. Biroq yuqoridagi vaziyatda hech narsani o`zgatirishga hojat bo`lmagan, chunki vositaga qarshi chidamlilik ishlab chiqilmagan. Biroq olimlar oldida boshqa vazifa - o`z hamkasblari va mutaxassislarga birorta bakteriya haqiqatan ham yangi birikmaga qarshilik ko`rsata olmasligini isbotlash vazifasi paydo bo`lgan.

Tadqiqotchilar shu maqsadda 25 kun davomida bakteriyalarni qayta-qayta birikma ta`siriga uchratishgan. Bakteriyalarning yangi avlodi har 20 daqiqada paydo bo`lishi sababli, mikroblar chidamlilik ishlab chiqishga millionlab imkoniyatga ega bo`lgan, biroq buni qilmagan. Olimlar taqqoslash uchun qo`llashgan boshqa antibiotiklarga bakteriyalarda tezda chidamlilik hosil bo`lgan. 

Olimlar o`z tajribalari uchun Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti omborlaridan Neisseria gonorrhoeae gonokokkining eng chidamli shtammini ham olishgan. Ushbu shtamm davolanishi eng qiyin bo`lgan 5 ta mikrobdan biri hisoblanadi. Irrezistin uni ham enga olgan.

Olimlar irrezistin Neisseria gonorrhoeae’ga chalingan sichqonlarni samarali davolashini namoyish qilishgan.

    Boshqa yangiliklar