AsosiyJamiyat

"O`qishga imtiyoz bir yoshni quvontirsa, mingini xafa qiladi. Bunday imtiyoz kimga kerak?"

'"O`qishga imtiyoz bir yoshni quvontirsa, mingini xafa qiladi. Bunday imtiyoz kimga kerak?"'ning rasmi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O`zXDP fraksiyasi a`zosi Maqsuda Vorisova  yangi o`quv yili, unga kirish imtihonlari haqida o`z fikrlarini bayon etdi. 

"Yurtimizda millionlab yosh yigit-qizlar ko`nglida bir olam orzu bilan oliy ta`lim muassasasiga o`qishga kirishni istaydi. Bu yil qanday yangilik bo`lar ekan, qabul o`rinlari ko`payarmikan, degan savollarga javob topish ilinjida intizor bo`ladi. Ularning aksariyati o`qishga kira olmasa, kelajagi, taqdiri qanday davom etishini bilmay, chuqur xavotirga tushadi.

Kechagina ommaviy axborot vositalari orqali oliy o`quv yurtlariga qabul haqida batafsil axborot berildi. Har tugul qabul o`rinlari o`tgan yilgiga nisbatan oshgani ko`plab yoshlarni quvontirdi. Lekin, menimcha, o`qishga kirishda imtiyozlar berilishi to`g`risidagi yangiliklar chin dildan o`qib, tayyorgarlik ko`rib yurgan yoshlarimizni o`ylantirib qo`ydi, hatto qalbini og`ritdi. Ularning o`ylari, og`riqlarini tushunishimiz kerak.

O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasida barcha fuqarolar teng huquqqa ega ekanliklari belgilangan. Demak, ota-onasi qaerda xizmat qilishi yoki fuqaroning ayrim yutuqlarga ega bo`lishi Konstitusiyada belgilangan me`yordan ustun qo`yilishi mumkin emas.

Nima uchundir maktabni a`lo baholarga bitirib, oltin medal sohibi bo`lgan abiturientga hech qanday imtiyoz yo`q, lekin respublika fan olimpiadalari g`oliblariga imtiyoz belgilangan. Yoki bo`lmasam, Zulfiya nomidagi davlat mukofoti sohibalariga belgilangan imtiyoz. Agar shu tanlovda oliy ta`limga imtihonsiz kirish imtiyozi bekor qilinsa, tanlovda qatnashuvchi qizlar tarkibi qanday o`zgarar ekan?..

Mudofaa va huquq-tartibot idoralari tizimidagi xodimlar farzandlari uchun belgilangan imtiyozni ham tushunish qiyin. Shundog`am bu tizimlardagi xodimlar katta imtiyozlarga ega. Endi ularning hisobidan farzandlariga ham imtiyoz berilishi qanchalik ijtimoiy adolat tamoyiliga to`g`ri keladi?.. Aytaylik, oddiy dehqon yoki bog`bonning o`qishni dunyodagi hamma narsadan ko`proq istaydigan qora ko`z farzandi kimlargadir imtiyoz berilgani uchungina “yiqilsa”, jamiyat, siz bilan biz unga adolatsizlik qilgan bo`lmaymizmi? Bunday farzandlarning qalbi sinmaydimi? Dili og`rimaydimi?..

Menimcha, harbiy xizmatni namunali o`taganlik uchun tavsiya asosidagi imtiyozni ham faqat harbiy sohadagi ta`limni davom ettirishga tatbiq etish lozim. Chunki ana shunday imtiyoz egalari hisobiga haqiqiy bilim va qobiliyatga ega, eng muhimi, o`zi tanlagan soha bo`yicha yillab tayyorgarlik ko`rgan yigit-qizlar oliy ta`limda o`qish baxtidan benasib bo`lib qolmoqdalar.

Fikrimcha, qaerda o`rinsiz imtiyoz yaratilsa, o`sha joyda korrupsiya, degan baloga keng eshik ochiladi. Shuning uchun ham uzoq hayot yo`lining boshida turgan farzandlarimizni korrupsiya og`usi bilan sug`ormaylik, boshqalarini esa adolatsizlik bilan hayotdan norozi qilmaylik" deydi deputat o`z fikrlarida.

    Boshqa yangiliklar