Xalq ta`limi vazirligining 2015 yilning 9 oyi davomida amalga oshirilgan ishlar tahlili hamda kelgusidagi ustuvor vazifalarga bag`ishlangan hay`at yig`ilishi bo`lib o`tdi.
Ushbu davr mobaynida ota-onalar uchun bolalarni maktabga tayyorlash bo`yicha 5 ta nomdagi qo`llanmalardan samarali foydalanish bo`yicha tavsiyalar ishlab chiqildi. Bu haqda Xalq ta`limi vazirligi Axborot xizmati xabar beradi.
“Ta`limda global hamkorlik” loyihasi doirasida 1220 ta qisqa muddatli guruhlar tarbiyachilariga shtat birliklari ajratildi, qisqa muddatli guruhlar faoliyati yo`lga qo`yildi.
O`quvchilarning egallagan bilim va ko`nikmalarini amaliyotda mustaqil ravishda qo`llay olishga o`rgatish maqsadida 18 ta umumta`lim fanlari bo`yicha tayyorlangan uzluksiz ta`limning kompetensiyaviy yondashuvga asoslangan Davlat ta`lim standartlari 75 ta maktab, 59 ta kasb-hunar kolleji va akademik liseylarda tajriba-sinovdan o`tkazilmoqda.
Ta`lim muassasalarida ilg`or pedagogik texnologiyalarni keng joriy etishga qaratilgan 28 ta ilg`or pedagogik texnologiyalar tajriba-sinov maydonlarida tajribadan o`tgan 150 ga yaqin interfaol metod, ilg`or pedagogik texnologiyalar va ilg`or ish tajribalar ommalashtirilib, vazirlik ta`lim portaliga joylashtirildi.
Boshlang`ich 1-2-sinf o`qituvchilari uchun ilg`or pedagogik va axborot-kommunikasiya texnologiyalari asosida 7 nomdagi metodik qo`llanmalar va ularning multimediali ilovalari ishlab chiqildi va ta`lim muassasalariga to`liq etkazildi.





