Hindistonlik investor loyihasi Navoiy viloyati hokimligi tomonidan qo`llab-quvvatlandi hamda mazkur ta`lim dargohi uchun viloyat Tabiatni muhofaza qilish boshqarmasining bo`sh turgan binosi ajratib berildi.
Dunyoning ko`plab davlatlarida faoliyat ko`rsatayotgan Hindistondagi mashhur «Delhi world school» xususiy tayyorlov maktabini qurish ishlari jadallik bilan amalga oshirilmoqda.
Maktabda o`quvchilarning puxta bilim olishlari uchun barcha sharoitlar yaratiladi. Mavjud binoda 200 o`ringa mo`ljallangan 30 ta o`quv xonasi tashkil qilinib, milliy qadriyatlar asosida jihozlanadi. Asosiy e`tibor bolalarning ruhiyatidagi ko`tarinkilik va bilimlar dunyosidagi ilk qadamlarini mustahkamlashga qaratiladi. Ushbu maktabning boshqa xususiy maktablardan farqli tomoni ta`limning«Edumatters», ya`ni ta`lim va amaliyot tizimi asosida tashkil etilishidir.
Xalqaro xususiy maktabdagi fanlar Hindistonning yuqori malakali o`qituvchilari ishtirokida, ingliz tilida (O`zbekiston tarixi, o`zbek tili va adabiyoti bundan mustasno) olib boriladi.
Maktabga o`quvchilar suhbat asosida, iqtidori va imkoniyati doirasida o`qishga qabul qilinadi.
Ayni kunda 2020/2021 o`quv yili uchun tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda. Ta`lim muassasasi o`z faoliyatini 4-5-6 yoshli bolajonlarni o`qishga qabul qilish bilan boshlaydi.






