Avval xabar qilinganidek, 17 iyun sanasida yurtimizda koronavirus infeksiyasi tasdiqlangan 189 nafar bemorning 13 nafari aholi orasida aniqlangan bo`lsa, 18 iyun kuni esa 85 nafar bemordan 28 nafari aholi orasida tasdiqlandi. Ikki kunlik ma`lumotga ko`ra, umumiy kasallanish ko`rsatkichi pasaygan bo`lsa-da, aholi orasida koronavirusga chalinish holati keskin oshganini ko`rish mumkin.
18 iyun kuni aholi orasida koronavirus aniqlanish holatlarini hududlar kesimida ko`radigan bo`lsak, Toshkent viloyatida 14 nafar, Toshkent viloyatida 13 nafar, Qashqadaryo viloyatida esa 1 nafarni tashkil etdi.
Jumladan, Toshkent viloyatida Toshkent tumanida yashovchi fuqaroda, Zangiota tumanida yashovchi fuqaro va uning uch nafar oila a`zosida, O`rtachirchiq tumanida yashovchi 9 nafar fuqaroda, shuningdek, chaqiriq bo`yicha tez tibbiy yordam mashinasida Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi qabul bo`limiga olib kelingan bemorda kasallik qayd etilgan.
Bugun Soat 10:00 qadar kasallik aniqlangan 88 nafar bemordan 10 nafari Toshkent shahrida aholi orasida qayd etilgan.
Jumladan, Yunusobod tumanida yashovchi taksi haydovchisida (o`zi kelib namuna topshirgan), tana harorati ko`tarilgach shifokorga murojaat qilgan Olmazor tumanida yashovchi uy bekasida, Uchtepa tumanida yashab, Sergeli tumanida oziq-ovqat do`konida ishlovchi sotuvchida, xuddi shu tumandagi tug`ruq ta`tilida bo`lgan uy bekasining( shu yilning 13 iyunidan tana harorati ko`tarila boshlagan) o`g`li va qizida hamda yana Uchtepa tumanidagi yakka tartibdagi tadbirkorda (o`zi borib tahlil topshirgan), Shayxontohur tumanida yashovchi fuqaroda (12 iyundan tana harorati ko`tarila boshlagan) ham koronavirus infeksiyasi tasdiqlangan. Mazkur kasallik aniqlangan fuqarolarning aksariyati tana harorati ko`tarilgach, shifoxonaga murojaat qilishgan va namuna topshirishgan.
Ayni paytda ushbu holatlar yuzasidan epidemiologik surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Bundan tashqari, koronavirus aniqlangan poytaxtlik fuqaroning tug`ilgan kun munosabati bilan o`tkazgan tadbirida ishtirok etgan 13 nafar oila a`zosi va qarindoshlariga yuqtirgani barchamizni xushyor torttirishi lozim.
Shu bois, shu kunlarda turli marosim va tadbirlar o`tkazishdan vaqtinchalik tiyilib turishimiz, imkon qadar odamlarni to`plamaslikka, aholi gavjum joylardan uzoqroq bo`lishimiz o`zimiz va yaqinlarimizning salomatligi uchun eng muhim qoida ekanligini unutmasligimiz kerak. Shu o`rinda hozir birgina ana shu voqea sabab qancha kishi uy va stasoinar karantinga olinganligini aytishni hojati ham bo`lmasa kerak.
Xavotirli vaziyatdan kelib chiqqan holda Sog`liqni saqlash vazirligi, yana bir bor, aholini, jumladan, faoliyati tiklangan sohalarda mehnat qilayotgan fuqarolarni xushyorlikni yo`qotmagan holda, karantin qoidalariga qat`iy rioya etishlarini so`rab qoladi






