2020 yilning 1 aprelidan boshlab FHDYo organlari Davlat xizmatlari agentligi tasarrufiga o`tdi. Bunga asosiy sabab, FHDYo bo`limlarining faoliyatini to`g`ri tashkil etish va nazorat qilinishini ta`minlashdan iborat. Xo`sh, endilikda «ZAGS»lar qanday transformasiyaga uchraydilar? Bular haqida davlat xizmatlari agentligi batafsil axborot berdi.
Bugungi kunda Davlat xizmatlari agentligi mazkur sohani yaxshilash uchun bir necha yo`nalishdagi ishlarga qo`l urdi.
Raqamlashtirish
Albatta, bugun barcha sohalar dunyodagi trendlar bilan hamnafas bo`lishi uchun avvalambor raqamlashtirish ishlarini amalga oshirishi kerak. FHDYo sohasi ham bundan mustasno emas. Aslida DXA tomonidan fuqarolik holati dalolatnomalarini raqamli ko`rinishga o`tkazish bo`yicha ishlar ancha oldin oldin boshlab qo`yilgan.
Buning uchun har bir hududda arxivarius shtati tashkil etildi, eng zamonaviy uskunalar olib kelinib, maxsus axborot tizimi ishga tushirildi.
Natijada, hozirda mamlakatimiz bo`yicha 33,21 millionta (ya`ni, 60 %dan ortiq) dalolatnoma yozuvlari raqamlashtirilib, «FHDYo yagona elektron arxivi» axborot tizimiga kiritildi.
Ayrim hududlar esa, masalan, Buxoro viloyati raqamlashtirish ishlarining yakuniga etmoqda. Mazkur hududda 96 %dan ortiq hujjatlar raqamlashtirildi.
Toshkent shahrida nikoh va nikohdan ajralganlik haqida arxiv hujjatlari to`liq raqamlashtirilgani bois, ushbu ma`lumotlarni onlayn tarzda olish imkoni yaratildi.
Raqamlashtirish — davlat xizmatlarini olishni soddalashtirish demak, degan xulosa qilsak xato bo`lmaydi.
Integrasiya
Davlat xizmatlari agentligi tashkil etilganidanoq, uning faoliyatida shu so`z ko`p ishlatiladi. Xuddi, ko`pchilikni zeriktirgan «innovasiya» iborasi kabi.
Biroq, davlat xizmatlari sohasini rivojini integrasiyasiz tasavvur qilib bo`lmaydi. Bizning faoliyatimizda integrasiya barcha davlat idoralarining o`zaro bog`langan tizimga ulanishini anglatadi.
Yuqorida aytilganidek, «ZAGS» sohasiga oid hujjatlarni kompyuter sichqonchasining bir bosishida olish imkonini yaratish uchun maxsus «FHDYoning yagona elektron arxivi» tizimi ishga tushirildi.
Fuqarolik holati dalolatnoma yozuvlarini olish bilan bog`liq boshqa davlat tashkilotlarning ma`lumotlarini (talab yuqori bo`lgan masalan, O`zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Davlat notarial idora va boshqalar) faqatgina maxsus axborot tizimi orqali raqamli ko`rinishda amalga oshirish tartibini joriy etish rejalashtirilgan.
Bugungi kunda Moliya va Sog`liqni saqlash vaziriliklari, Statistika va Soliq qo`mitalari, Davlat personallashtirish markazi, Majburiy ijro byurosi, Pensiya jamg`armasi, Notarial idoralar, my.gov.uz portali axborot tizimlari bilan integrasiya ishlari o`z yakuniga etdi.
Xo`p, integrasiya, qilindi deylik, menga bundan nima foyda, deysizmi?
Misol uchun, sog`liqni saqlash idoralari tomonidan «FHDYo yagona elektron arxivi» axborot tizimiga tug`ilish va o`lim haqidagi ma`lumotlarni o`z vaqtida elektron shaklda taqdim etilishini ta`minlash orqali fuqarolarni va soha xodimlarini ortiqcha ovoragarchiligining oldini olish mumkin.
Yil oxirigacha tug`ilishni qayd etish bilan bog`liq kompozit xizmatlarni ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Bu bilan, fuqaro 1 ariza berib, bir vaqtning o`zida 6 ta davlat xizmatini olishi mumkin.
Tug`ruqxonadan bola tug`ilganligi to`g`risida ma`lumotnoma berish, FHDYo bo`limida bola tug`ilganligini qayd qilish, bolani otasi yoki onasining doimiy yashash manziliga ro`yxatga qo`yish, farzand tug`ilganda beriladigan bir martalik nafaqa pulini olish, poliklinikaga ro`yxatga qo`yish va bolani maktabgacha ta`lim muassasasiga navbatga qo`yish kabi harakatlar elektron tarzda parallel ravishda amalga oshiriladi. Ya`ni, fuqaro vaqti tejaladi va ortiqcha xarajatlari oldi olinadi.
Joriy yilda, shuningdek Oliy sud, Bandlik va mehnat munosabatlari, Maktabgacha ta`lim va Tashqi ishlar vazirliklari bilan o`zaro elektron hujjat almashuv tizimi yo`l qo`yilmoqda.
Yanachi?
Hozirda FHDYo bo`limlarida undirilayotgan to`lovlarni amalga oshirishda avtomatlashtirilgan «Billing» tizimi joriy etildi. Mazkur tizim mablag`lar faqatgina rasmiy bank hisob raqamlariga kelib tushib, ortiqcha to`lovlarni oldini olishga xizmat qiladi, ya`ni, pul tushumlari bilan bog`liq manipulyasiyalarni oldini olib, shaffoflikni ta`minlaydi.
Albatta, moliyaviy rag`batlantirish xodimlarning o`z xizmat vazifalariga vijdonan va sidqidildan yondashishlariga turtki bo`ladi degan fikrdamiz. Shu bois, FHDYo organlari xodimlarining mehnatiga adolatli haq to`lash choralari ko`rilmoqda.
Tushunib turganingizdek, kelgusida «ZAGS»larni anchagina o`zgarishlar kutmoqda. Harakatlarimiz negizida esa faqatgina aholiga sifatli xizmat ko`rsatish istagi mavjud.