O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 1 noyabr kuni Samarqand shahridagi Forumlar majmuasida Amerika Qo`shma Shtatlari davlat kotibi Jon Kerrini qabul qildi.
Davlatimiz rahbari mehmonni yurtimizga tashrifi bilan samimiy qutladi va uning O`zbekistonga ilk tashrifi o`zaro hamkorlikka doir keng ko`lamli masalalar va xalqaro ahamiyatga molik muammolar yuzasidan fikr almashish uchun yaxshi imkoniyat ekanini ta`kidladi, deya xabar beradi O`zA.
Bugungi kunda mamlakatlarimiz o`rtasida iqtisodiy aloqalar izchil rivojlanib, o`zaro savdo hajmi barqaror o`smoqda. AQShning “General Motors” korporasiyasining O`zbekistondagi samarali faoliyati bu sohadagi muvaffaqiyatli hamkorlikning yorqin misollaridan biridir. Strategik sheriklik doirasida Andijon, Xorazm viloyatlari va Toshkent shahrida yuqori texnologiyali uchta yirik loyiha amalga oshirilmoqda.
Mamlakatimizda AQShning dunyoga mashhur “Boeing”, “Lockheed Martin”, “Honeywell” va boshqa kompaniyalari samarali hamkorlik qilib kelmoqda.
Uchrashuvda mintaqaviy dolzarb muammolar yuzasidan ham atroflicha fikr almashildi. Afg`onistondagi vaziyat, xavfsizlik masalalariga alohida e`tibor qaratildi.
AQSh davlat kotibi samimiy qabul uchun O`zbekiston Prezidentiga chuqur minnatdorlik izhor etib, Amerika Qo`shma Shtatlari rahbariyati ikki mamlakat manfaatlariga asoslangan munosabatlarni izchil rivojlantirishga tayyor ekanini bildirdi.
Huddi shu kuni Samarqanddagi Forumlar majmuasida Markaziy Osiyoning besh mamlakati va Amerika Qo`shma Shtatlari tashqi siyosat mahkamalari rahbarlarining uchrashuvi bo`lib o`tdi.
Majlisni O`zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov ochdi.
Uchrashuvda AQSh Davlat kotibi Jon Kerri, Qozog`iston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Erlan Idrisov, Qirg`iziston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Erlan Abdildaev, Tojikiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Aslov, Turkmaniston tashqi ishlar vaziri Rashid Meredov ishtirok etdi.
Majlisda siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar sohalarda o`zaro hamkorlik istiqbollari to`g`risida fikr almashildi, xalqaro va mintaqaviy dolzarb masalalar muhokama etildi.
Uchrashuv yakunida Markaziy Osiyoning besh mamlakati va AQSh o`rtasida Sheriklik va hamkorlik to`g`risida qo`shma deklarasiya qabul qilindi. Tadbir ishtirokchilari olti davlat tashqi siyosat mahkamalari o`rtasida umum manfaatdor masalalar yuzasidan muntazam siyosiy muloqot o`tkazish bo`yicha o`zaro hamkorlikning yangi formati – «S5+1»ni tashkil etishni ma`qulladi.





