O`zbekistonda koronavirusga chalingan turistlarga 3000 ming dollar miqdorida kompensasiya to`lanadi. Bu haqda «Axborot 24» dasturida ma`lum qilindi.
Shuningdek, «O`zbekiston — xavfsiz sayohat kafolatlangan» sanitariya-epidemiologiya tizimi joriy etilib, bu sayyohlar uchun o`ziga xos himoya yostig`iga aylanadi. Uning doirasida «Xavfsiz turizm» fondi yaratilib, Inqirozga qarshi kurashish jamg`armasi hisobidan 20 milliard so`m ajratiladi. Keyinchalik fond sertifikatlash bojlari hisobiga, shuningdek, turistlar bilan ishlashni xohlagan turoperatorlarning mablag`lari hisobidan ixtiyoriy ravishda to`ldirib boriladi. Davlat mulki bo`lgan ob`ektlar ushbu dastur bo`yicha majburiy ravishda sertifikatlanadi.
«Ichki va tashqi turistlar nafaqat koronavirus infeksiyasi, balki sanitar-epidemiologik osoyishtalikka oid boshqa muammolarga ham ularga ta`sir ko`rsatmasligiga ishonishlari mumkin. Turoperatorlar, mehmonxonalar, umuman, turizm bilan bog`liq barcha sohalar bir qator talablarni bajarish to`g`risidagi maxsus sertifikatga ega bo`ladi. Mazkur sertifikatning mavjudligi ularga turistlar bilan ishlash imkoniyatini beradi», — deydi Innovasion sog`liqni saqlash milliy palatasi raisi Ravshan Izamov.
Ma`lum qilinishicha, bu kabi amaliyot dunyoning ko`plab davlatlarida keng qo`llanilib kelinadi. Karantin vaqtida xorijlik turistlarga turoperatorlar tomonidan faqatgina «O`zbekiston — xavfsiz sayohat kafolatlangan» reestiridan o`rin olgan ob`ektlar bo`ylab amalga oshiriladi.






