Toshkent viloyatidagi bir necha hududlarda epidemiolik vaziyat barqarorlashib borayotganligi bois, aholi uchun qator qulayliklar yaratilmoqda. Xususan, “yashil” hududga o`tilganligi bois Yuqori Chirchiq tumanida ham ijobiy o`zgarishlar ko`zga tashlanyapti.
Turli faoliyat bilan shug`ullanib kelayotgan tadbirkorlik sub`ektlariga ham imkoniyat yaratildi. Xususan, tumanda pandemiya oqibatida ishini yo`qotgan 1699 nafar fuqarodan 1553 nafari o`z ish o`rniga qaytdi. To`xtab qolgan 89 ta korxona va tadbirkorlik sub`ektlari esa faoliyatini to`liq boshladi. Mazkur korxonalarda 780 nafar fuqaroning bandligi ta`minlandi.
Meva va sabzavotni qayta ishlashga ixtisoslashgan korxona ham faoliyatini boshladi. Eng asosiysi, pandemiya paytida bu erda 15 ta ish o`rni yaratildi.
- Bizdagi zamonaviy uskunalar mevalarni yuvish, tozalash va qadoqlashdan tortib, tayyor mahsulot ishlab chiqarishgacha bo`lgan jarayonni amalga oshiradi, – deydi korxona mutaxassisi Alisher Siddiqov. – Ilgari jamoamizda 25 nafar yigit-qizlar mehnat qilardi, hozir yana 15 nafar yoshlarni ishga oldik. 25 turga yaqin mahsulot ishlab chiqariladi. Ularni hozircha ichki bozorga etkazib berayapmiz. Lekin mahsulotlarimizni xorijga jo`natish bo`yicha ham shartnomalar imzolangan. Aslida bizda ilgari chetga mahsulot eksport qilingan.
Tumandagi to`qimachilik korxonasi ham faoliyatini tikladi. Paxta tolasidan kalava ip ishlab chiqarishga mo`ljallangan jamoada ishsiz fuqarolardan 550 nafarining bandligi ta`minlangan. Bugungi kunda yarim tayyor mahsulotlar Rossiya, Xitoy, Turkmaniston, Eron, Tojikiston va Turkiya davlatlariga eksport qilinyapti.
Quyi Chirchiq tumanida ham epedimiologik vaziyat yaxshilanib, “yashil” hududga o`tilganligi sababli korxonalarda ish yana jonlandi. O`zbekiston-Rossiya qo`shma korxonasi yaqinda faoliyatini boshladi. Bu erda bolalar tikuv-trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda. Kambag`allikda yashayotgan oilalardagi 200 nafar xotin-qizning bandligi ta`minlandi. Tayyorlanayotgan mahsulotlarning asosiy qismi Rossiya davlatiga eksport qilinyapti.
– Ish sharoitlarimiz yaxshi, – deydi mutaxassis Dilbar Safarova. – Bizda aholi uchun eng yaxshi tomoni kasbi yo`q xotin-qizlar ham ishga qabul qilinadi, ularga shu erda tajribali tikuvchilar kasb sirlarni o`rgatishadi. Ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar zamon talablariga to`liq javob berayotganligi bois, asosan eksportga jo`natilyapti. Kelgusida ish o`rinlari sonini yanada ko`paytirib, kamida 300 taga xotin-qizlar bandligini ta`minlash niyatimiz bor.
Toshkent viloyati hokimligi axborot xizmati ma`lumotlariga ko`ra, bunday ijobiy o`zgarishlarni boshqa tuman va shaharlarda ham ko`rish mumkin. Eng asosiysi, pandemiya bo`lsa-da, hayot to`xtab qolgani yo`q.






