AsosiyJamiyat

2020 yilning birinchi choragida 1229 ta YTH oqibatida 376 kishi halok bo`ldi

'2020 yilning birinchi choragida 1229 ta YTH oqibatida 376 kishi halok bo`ldi'ning rasmi

19 iyun kuni bo`lib o`tgan 5-yalpi majlisda Senat a`zolari tomonidan Vazirlar Mahkamasiga yo`l harakati xavfsizligini ta`minlash va sohaga oid qonun hujjatlarining ijro etilishi holati yuzasidan parlament so`rovi yuborish masalasi ko`rib chiqildi. Bu haqda Senat matbuot xizmati xabar berdi.

Ma`lumotlarga ko`ra, avtomobil yo`llarida yo`lovchilar xavfsizligini ta`minlash yuzasidan ta`sirchan nazorat to`liq va samarali o`rnatilmaganligi oqibatida birgina 2019 yilda mamlakat bo`yicha jami 6 milliondan ortiq yo`l harakati qoidabuzarligi qayd etilgan. Oqibatda 8588 ta yo`l-transport hodisasi sodir etilib, ularda 7943 nafar fuqaro jarohatlangan va 2096 nafar shaxs halok bo`lgan.

2020 yilning birinchi choragida esa 1229 ta yo`l-transport hodisasi oqibatida 376 nafar fuqaro vafot etgan.

Tahlillarga ko`ra, qoidabuzarliklarni avtomatik aniqlaydigan foto va video moslamalar, shuningdek, onlayn rejimida ishlovchi fotoradarlar o`rnatish bilan bog`liq ishlar sust olib borilmoqda. Bundan tashqari, avtomobil yo`llarida yo`l harakatini axborotlar bilan ta`minlash, yo`l bo`yidagi infratuzilmani xalqaro standartlar talablariga muvofiq rivojlantirish bilan bog`liq ko`plab masalalarga lozim darajada e`tibor qaratilmagan.

Umumta`lim maktablarida o`quvchilarga yo`l harakati qoidalarini o`rgatish  ishlari ham talab darajasida emasligi oqibatida 2019 yilda bolalar bilan bog`liq 1309 ta yo`l-transport hodisasi sodir etilgan. Ularda 1147 nafar bola jarohatlangan va 193 nafar bola halok bo`lgan.

Majlisda senatorlar tomonidan shu kabi kamchilik va muammolarni bartaraf etish maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 24 dekabrdagi 370-sonli qarori bilan tasdiqlangan yangi tahrirdagi Yo`l harakati qoidalarini ham takomillashtirish kerakligi, mamlakatda haydovchilarni tayyorlash va ulardan imtihon olish tartibi bilan bog`liq muammolar ko`plab fuqarolar tomonidan haqli e`tirozlarga sabab bo`layotganligi ham ta`kidlandi.

Senat a`zolari yo`l harakati xavfsizligini ta`minlash va sohaga oid qonun hujjatlarining ijro etilishi holati yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga parlament so`rovi yuborish to`g`risida qaror qabul qilgan.

    Boshqa yangiliklar