Milliy matbuot markazida O`zbekiston Respublikasi tovar-xomashyo birjasining joriy yil to`qqiz oylik faoliyati yakunlari hamda birja savdolarida kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub`ektlarining ishtirokiga bag`ishlangan matbuot anjumani o`tkazildi.
Hisobot davrida birjaning barcha savdo platformalarida 5,1 trillion so`mdan ziyod bitimlar tuzildi. Mamlakatimizda ishlab chiqarish quvvatlarining oshishi natijasida sement narxi 18 foizga, suyultirilgan gaz 17 foizga, qora metall 8 foizga arzonlashib, qo`shimcha qiymatga ega tayyor mahsulotlar ishlab chiqarilishini rag`batlantiruvchi omil sifatida qayd etildi.
Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub`ektlari tomonidan 3,3 trillion so`mlik xomashyo va materiallar sotib olindi, o`sish 6,5 foizni tashkil etdi. Bitimlarning 95 foizi birja savdolariga to`g`ri keldi, deya xabar beradi O`zA.
Tadbirkorlik sub`ektlari tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlarni birja orqali sotish hajmi 18 foizga o`sib, 1,4 trillion so`mga etdi. Birjada tuzilgan bitimlarning umumiy hajmida tadbirkorlar va kichik biznes sub`ektlarining hissasi o`tgan yilning to`qqiz oyida 66 foizni tashkil etgan bo`lsa, joriy yilda bu ko`rsatkich 8 foizga ko`tarilgani kuzatildi.
Hisob-kitob kliring palatasi tomonidan savdo bitimlari ijrosini kafolatlash yuzasidan ko`rilgan chora-tadbirlar natijasida ishtirokchilar o`rtasida tuzilgan 193 ming shartnomaning 96 foizi bajarildi. Arbitraj komissiyasi tomonidan ko`rib chiqilgan munozarali ishlar 8 foiz, bitimlarni bekor qilish 28 foiz, jarimalar qo`llanilishi 3 foizga qisqardi.
Palata tomonidan ro`yxatga olingan 5 mingga yaqin yangi mijozning 95 foizini kichik biznes sub`ektlari tashkil etdi.





