Toshkentda MDHga a`zo davlatlar temir yo`l transporti bo`yicha Kengashining 63-majlisi boshlandi.
Kengash temir yo`llarning ekspluatasiya faoliyati, yuk tashish vagonlari va konteynerlaridan birgalikda foydalanish, yo`lovchi va yuk tashish shartlari, xalqaro yo`nalishlarda poezdlar harakati xavfsizligini ta`minlash, bajarilgan ishlar va xizmatlarni hisobga olish hamda buning uchun o`zaro hisob-kitob tizimini ishlab chiqish, ilmiy-texnik hamkorlik kabi masalalarni ko`rib chiqadi va hal etadi.
Majlisda hamkorlikni yanada rivojlantirish va Hamdo`stlikka a`zo davlatlar temir yo`l transporti bo`yicha Kengashining avvalgi majlislari doirasida erishilgan kelishuvlar qanday amalga oshirilayotganiga oid masalalar muhokama etildi hamda shu yilning 9 oyi davomida bajarilgan ishlar sarhisob qilindi.
O`tgan davrda Hamdo`stlikka a`zo davlatlarning po`lat izlari orqali 1,4 milliard tonna yuk tashilgani va bu qabul qilingan majburiyatlardan 15 foiz ko`p ekani ta`kidlandi. Bundan tashqari, tashishlar o`rtacha masofasi 3,5 foiz oshgani qayd etildi. Hisobot davrida temir yo`l ma`muriyatlari yuklarni tashishda o`zaro yordam ko`rsatish ishlarini davom ettirdi va mazkur yordam hajmi 3,9 ming vagonni tashkil qildi. O`tgan vaqt mobaynida konteynerlarda 20 million tonna yuk tashildi va bu qabul qilingan majburiyatlardan 6,1 foiz ko`pdir. 2015 yilning to`qqiz oyida xalqaro yo`nalishlarda xizmat ko`rsatilgan yo`lovchilar soni 14,8 million kishini tashkil etdi, deya xabar beradi O`zA.
MDHga a`zo davlatlarning temir yo`l transporti bo`yicha Kengashi va uning ijroiya organi – Kengash direksiyasi Hamdo`stlik davlatlari o`rtasida barqaror iqtisodiy aloqalarni ta`minlash maqsadida 1992 yil 14 fevralda MDHga a`zo davlatlar hukumat rahbarlarining kelishuviga binoan tashkil etilgan.





