Xalq ta`limi vazirligi tomonidan bugungi kunga qadar 145 umumta`lim maktabi, 219 maktabgacha ta`lim muassasasi, 12 maxsus maktab-internati va Mehribonlik uylarida kapital ta`mirlash ishlari amalga oshirilgan. 2 mingdan ziyod maktab, 1,5 mingga yaqin maktabgacha ta`lim muassasasi, 50 maxsus maktab-internati joriy ta`mirdan chiqarilgan.
Muhandislik-kommunikasiya tarmoqlarini kapital va joriy ta`mirlash ishlariga ham alohida e`tibor qaratilib, mavjud qozonxonalar bir necha turdagi yoqilg`iga moslashtirildi va mutaxassislar tomonidan ko`rikdan o`tkazildi. Mavsum oldidan 1089 qozonxona ta`mirlanib, 132 ming metrdan ziyod ichki, 9 ming metrdan ortiq tashqi isitish tizimlari almashtirildi, 225 ming kvadrat metrdan ziyod tomlar ta`mirlandi, qariyb 8 ming metr issiqlik tarmog`i izolyasiya qilindi.
Birgina Toshkent shahrida 273 umumta`lim maktabining ichki va tashqi isitish tizimlari ta`mirdan chiqarildi. Hozirgi kunda o`ttizdan ziyod isitish qozoni va 72 ming kvadrat metrdan ortiq tomni kapital va joriy ta`mirlash ishlari olib borilmoqda.
Kuz-qish davrida tabiiy gaz bilan ta`minlangan va markaziy isitish tizimiga ulangan ta`lim muassasalarida mavsum bilan bog`liq barcha yumushlar o`z vaqtida amalga oshiriladi. Vazirlik tomonidan “O`zbekko`mir” aksiyadorlik jamiyati bilan hamkorlikda chekka hududlardagi maktablarni ko`mir, ko`mir briketi bilan ta`minlash bo`yicha muayyan chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Joriy yilda 900 dan ziyod ta`lim dargohida uch mingdan ortiq isitish qozoni almashtirilgan.





