«Topganing to`yga buyursin!». Bu duomi, qarg`ishmi? Darhaqiqat, to`y inson hayotida bir marta bo`ladi. To`g`rirog`i, normal hayotda bir marta bo`ladi. Mamlakatimizda yiliga o`rtacha 30 mingta nikoh bekor qilinayapti. Ajrimlarning ko`payib borayotgani bu muqaddas kunning mohiyatiga putur etkazmoqda.
Balki bunga baxt tushunchasini noto`g`ri talqin qilish sabab bo`layotgandir. «To`y hayotda bir marta bo`ladi» degan falsafa bilan dabdaba qilayotganlar ana shu «bir martalik»ni bir umrga mustahkamlash yo`llari haqida o`ylab ko`rmayapti. To`yning bir marta bo`lishi isrof, haddan oshishga bahona emas, balki mas`uliyatni anglatmaydimi?
Ota-ona atrofdagilardan qolishmaslik, «orzu-havasli» qudaxolaning xohishini bajo keltirish, farzandining ko`nglini o`ksitmaslik uchun barini muhayyo qilishga majbur bo`lardi. Bir necha kun to`y berilib, yoshlarga asqotishi mumkin bo`lgan deyarli bitta uyning puli ko`kka sovurilardi. Vaholanki, payg`ambarimiz Muhammad sallollohu alayhi vasallam «Nikoh to`yida bir kun taom berish sunnat, ikki kun taom berish isrofgarchilik, uch kun taom berish riyokorlikdir» degan ekan.
Necha yildirki, to`y-ma`rakalarni ixchamlashtirish, ortiqcha sarf-xarajatlarni kamaytirish haqida aytilmasin ko`pchilik buning aksini qilib keldi. Oxiri 2019 yil 14 sentyabrda Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasi kengashlari to`y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma`raka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bag`ishlangan tadbirlar o`tkazilishini tartibga solish tizimini takomillashtirish to`g`risida qaror qabul qildi. Unga ko`ra to`y-ma`rakalarga keluvchilar soni 200 kishidan oshmasligi belgilandi. Biroq mazkur qarorga hamma joyda ham amal qilinavermadi. Qaror chiqqanidan keyin ham ba`zi joylarda ancha-muncha to`ylar avvalgidek dabdaba bilan o`tkazildi. Bu ayrim yurtdoshlarimizning yangi tartibga ko`nikolmaganidan dalolat edi.
Koronavirus bois joriy etilgan karantin sabab ikki oydan beri mamlakatimizda to`y va boshqa oilaviy tadbirlar o`tkazilmayotgandi. Respublika maxsus komissiyasining qarori bilan amaldagi karantin talablari 2020 yilning 1 avgustiga qadar uzaytirildi. Shuningdek yurtimizning koronavirus pandemiyasidan xoli bo`lgan, ya`ni «yashil» hududlarida to`y va oilaviy tadbirlarni barcha sanitariya va gigiena talablariga qat`iy rioya etgan holda, 30 kishilik qilib o`tkazishga ruxsat berildi.
Qaynog`am katta o`g`lini 23 martda Qarshi shahridagi to`yxonalardan birida 150 kishilik to`y qilib uylantirgandi. O`shanda aslida ikki o`g`lini birga uylantirmoqchi edi. Biroq kelin bo`lmish va ikkinchi o`g`li bunga rozi bo`lishmagandi. Yoshlar Toshkentdagi Vestminster universitetida birga o`qishgan. Kuyov bo`lmish hozir Avstraliyaning Sidney shahrida iqtisodiyot yo`nalishi bo`yicha magistraturaning 2-kursida o`qiydi. Oxiri yoshlar o`ylab ko`rishib, yaqinda to`yning xarajatiga ketadigan mablag`i hisobidan «Neksiya-3» mashinasiga to`lov qilishdi va 30 kishilik to`y qilishga rozi bo`lishdi.
Koronavirus pandemiyasi xalqimizning peshona teri bilan topgan pulini to`ybozlik, bazmbozlikka emas, balki har bir insonning sihat-salomatligini asrashga sarflash lozimligini yana bir bor namoyon etdi. Lekin shunday sharoitda ham to`y orqali kimgadir o`zini, boyligini ko`rsatib qo`yishga imkon beradigan yangi-yangi illatlar bo`y ko`rsatmoqda.
Yaqinda Davlat xizmatlari markaziga bir ish bilan borib, ishimni bitirishim uchun 239-navbatda turishimga to`g`ri keldi. O`tirib navbatim kelishini kuta boshladim. Men bilan yonma-yon ikki kishi o`tirgandi. Ularning suhbati to`y mavzusiga burildi. Chunki bittasi yaqinda o`g`lini uylantirgan ekan. Suhbatdoshi undan «O`ttiz kishilik to`y qildingizmi?» deb so`radi.
– Qaerda deysiz, o`zbek o`ttiz kishilik to`y qila olarmidi? Farzandu nabiralarimning o`zi o`ttizdan oshadi, – deb javob berdi u.
– Unda nima qildingiz?
– Nima qilardim, o`ttiz kishi-o`ttiz kishidan qilib mehmonlarimni har xil paytga aytdim va 120 kishini mehmon qildim…
Ha, ayrim yurtdoshlarimizning yangi tartibga ham ko`nikolmayotganidan dalolat bu.
Karantin… Yo`q, bu shunchaki tibbiy karantin emas, Ollohning insonlarga bir ishorasi bo`ldi-yov! Atrofga qaraylik, biroz tin olaylik! Turmush tashvishlari bilan bo`lib, faqat ertaning g`amini eb, hozirning o`zida, ayni damda yashashni, bugunni qadrlashni unutib qo`ymadikmikin?!
21.06.2020 11:38
To`ydan tejalgan mablag`ga «Neksiya -3» avtomashinasi sotib olishdi






