Turkiya Respublikasi yangi turdagi koronavirus Covid-19 epidemiyasi tufayli parvozlarning bekor qilinishi sababli, viza/vaqtincha ro`yxatdan o`tish muhlatlari o`tkazib yuborilgan O`zbekiston fuqarolariga nisbatan jazolar qo`llanilmasligi haqida Turkiya hukumati tomonidan qaror qabul qilingan edi.
Turkiya Respublikasida epidemiologik vaziyatning barqarorlashib borishi, qator xorijiy davlatlar bilan aviaqatnovlarning tiklanishi sababli, Turkiya hukumati bu yunalishda qo`shimcha choralar qabul qilmoqda. Bu haqda Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi xabar bermoqda.
Xususan, Turkiya IIV tomonidan tarqatilgan yo`riqnomaga asosan, mamlakat hududini ma`lum sabablarga ko`ra tark etmagan chet el fuqarolari (transport aloqalari to`xtatilgan vaqtdan vaziyat normallashgan muddatga qadar), hamda kirish vizasi va vaqtincha ro`yxatdan o`tish muddatlari o`tkazib yuborilgan xorijiy fuqarolar, Turkiyaning o`z davlatlari bilan transport qatnoviga ruxsat berilganidan so`ng bir oylik muddatda chiqib ketishlari yoki viza/vaqtincha ro`yxatdan o`tish muddatini qaytadan rasmiylashtirishlari zarur.
Shu sababli, Turkiya hududida bo`lib turgan O`zbekiston fuqarolariga Turkiya tomonidan qabul qilingan ushbu qaror talablarini hisobga olgan holda, koronavirus kasalligidan o`zini himoyalash bo`yicha barcha zarur talablarga rioya etish tavsiya etiladi.






