Buxoro viloyatidagi «sariq» va «yashil» toifasidagi hududlarda jamoat transporti (Damas va mikroavtobuslardan tashqari shahar va shahar atrofi yo`nalishlari bo`yicha avtobuslar) harakatiga ruxsat beriladi.Bu haqda viloyat hokimligining telegram kanalida xabar qilindi.
Ruxsat berilgan transportlarga karantin talablariga qat`iy rioya etish belgilanadi. Jumladan, avtokorxona tomonidan transport vositasini har bir qatnov oldidan va oxirgi bekatda, shuningdek, avtoshohbekatlarda to`liq dezinfeksiya qilish, haydovchilarni tibbiy niqob va qo`lqoplar bilan ta`minlash hamda ularning muntazam ravishda o`z vaqtida almashtirib borish choralari ko`riladi. Shuningdek, avtobus saloniga faqatgina tibbiy niqobdagi yo`lovchilar kiritiladi.
Hozirda «qizil» toifadagi hudud hisoblangan Vobkent, G`ijduvon va Shofirkon tumanlari bilan bog`liq yo`nalishlar harakatiga ruxsat berilmaydi. Yuqoridagilardan kelib chiqib, viloyatdagi avtobuslarda yo`lovchi tashish bilan shug`ullanuvchi avtotransport korxonalari rahbarlaridan ushbu talablarga qat`iy amal qilgan holda faoliyatni olib borishlari talab etiladi.
Viloyat transport boshqarmasi hamda Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorat inspeksiyasi viloyat boshqarmasi xodimlari tomonidan mazkur talablarga rioya etilishi bo`yicha doimiy nazorat tadbirlari o`tkazib boriladi. Aniqlangan qoidabuzarliklar bo`yicha qonuniy jazo choralari ko`riladi.






