AsosiyJamiyat

Maktablarda yangi o`quv yilidan yangi yo`nalishlar joriy etilmoqda

'Maktablarda yangi o`quv yilidan  yangi yo`nalishlar joriy etilmoqda'ning rasmi

Umumiy o`rta ta`lim maktablarida 2020-2021 o`quv yilida ham variativ o`quv rejalarini tajriba-sinovdan o`tkazish ishlari davom ettiriladi. Shu bilan birga tanlov yo`nalishlari soni oshiriladi. Bu haqda Xalq ta`lim vazirligi ma`lum qilmoqda.

Eslatib o`tamiz, 2019-2020 o`quv yilining uchinchi choragidan boshlab, tajriba sifatida 10-11-sinflarda fanlar ixtiyoriy tanlov asosida o`qitila boshlandi.

Variativ o`quv rejalarini joriy qilishdan maqsad o`quvchilarning o`zi qiziqqan fanlarni chuqur o`rganishiga sharoit yaratish, maktab bitiruvchilarining oliy o`quv yurtiga kirish imtihoniga tayyorgarlik ko`rishini ta`minlash va yuqori sinflarda o`quv jarayonini kasblarga yo`naltirilgan holda tashkil etishdan iborat.

Variativ o`quv rejalarining joriy qilinishi ixtiyoriy bo`lib, maktabda tanlov sinfini tashkil etishda yuqori malakali, tajribali o`qituvchilarning mavjudligi inobatga olinadi.

Xalq ta`limi vazirining “Umumiy o`rta ta`lim maktablarida variativ o`quv rejalarni tajriba-sinovdan o`tkazish to`g`risida”gi buyrug`i qabul qilindi.

Mazkur buyruqqa asosan 2019-2020 o`quv yilida variativ o`quv rejalari joriy etgan maktablarda yo`lga qo`yilgan tajriba-sinov yo`nalishi yangi 2020-2021 o`quv yilida ham davom etadi.

Qabul qilingan buyruqqa ko`ra, 2020-2021 o`quv yiliga mo`ljallangan tayanch o`quv rejada belgilangan umumiy haftalik dars soatlari hajmi saqlanib qolinadi.

Respublika ta`lim markazi joriy yilning 1 avgustiga qadar variativ o`quv rejalar bo`yicha namunaviy taqvim-mavzu rejalarni ishlab chiqaradi.

Yangi o`quv yilida umumiy o`rta ta`lim maktabining 7-, 8- va 9-sinflarida ham tanlov sinfini tashkil etish imkoniyati yaratilmoqda. O`tgan o`quv yilida tanlov sinflari 10-11-sinflar uchun joriy etilgan edi. 7-, 8- va 9-sinflarida ham o`quvchilar vebfrilans bo`yicha bilim va ko`nikmalarga ega bo`lish imkoniyatiga ega bo`ladi.

Buyruq bilan tanlov sinflari yo`nalishi 5 tadan 12 taga oshirilmoqda:

  • birinchi yo`nalish: 10-11-sinf uchun - xorijiy til va filologiya yo`nalishi;
  • ikkinchi yo`nalish: 10-11-sinf uchun - moliya – iqtisod yo`nalishi;
  • uchinchi yo`nalish: 7-8-9-10-11-sinflar uchun - veb-frilanser (internet tarmog`i orqali mehnat daromadi olish) yo`nalishi;
  • to`rtinchi yo`nalish: 10-11-sinf uchun - texnologiya yo`nalishi;
  • beshinchi yo`nalish: 10-11-sinf uchun - tabiiy fanlar yo`nalishi;
  • oltinchi yo`nalish: 10-11-sinf uchun - ijtimoiy-gumanitar yo`nalish;
  • ettinchi yo`nalish: 10-11-sinf uchun - boshlang`ich ta`lim yo`nalishi;
  • sakkizinchi yo`nalish: 10-11-sinf uchun - kimyo texnologiya yo`nalishi;
  • to`qqizinchi yo`nalish: 10-11-sinf uchun - geografiya va geologiya yo`nalishi;
  • o`ninchi yo`nalish: 10-11-sinf uchun - maktabgacha ta`lim va psixologiya yo`nalishi;
  • o`n birinchi yo`nalish: 10-11-sinf uchun - tarix va arxeologiya yo`nalishi;
  • o`n ikkinchi yo`nalish: 10-11-sinf uchun - turizm yo`nalishi.10-11-sinflarning tanlov sinfida variativ o`quv rejani tajriba-sinovdan o`tkazishda 9 ta majburiy fan o`qitiladi: ona tili va adabiyot, o`zbek tili/rus tili, chet tili, tarix, tarbiya, matematika, informatika, jismoniy tarbiya, chaqiruvga qadar boshlang`ich tayyorgarlik.

Tanlov fani bo`yicha qo`shimcha ajratilgan soatlarda quyidagilar amalga oshiriladi:

  • o`quvchilarga fanlarni chuqur o`rgatish va tegishli mavzularga doir qo`shimcha ma`lumotlar berish;
  • o`quvchilar bilimini mustahkamlash va mavzularni to`liq o`zlashtirilishini ta`minlash;
  • “Khan Academy O‘zbek – Onlayn ta’lim platformasi” ta`lim resurslaridan foydalanish;
  • qo`shimcha adabiyotlardan misol va masalalar, testlar (DTM saytidagi namunaviy testlar) echish;
  • oliy ta`lim muassasalari o`qituvchilarini jalb qilish;
  • o`quvchilarni oliy ta`lim muassasalarining kirish imtihonlariga tayyorlash.

Tanlov fanlarini chuqur o`rgatishda darsliklardan tashqari, qo`shimcha adabiyot va manbalardan foydalanish mumkin. Bunda mualliflik o`quv dasturlaridan amaliyotda foydalanishga Respublika ta`lim markazi tomonidan ekspertizadan o`tkazilgan taqdirda ruxsat etiladi.

    Boshqa yangiliklar