“Turizm sohasini sanitariya-epidemiologik xavfsizlikning kuchaytirilgan rejimi talablariga qat`iy rioya qilgan holda rivojlantirishga doir qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida” Prezident qarori (PQ–4755-son, 19.06.2020 y.) qabul qilindi.
Qarorga muvofiq, 2021 yil 1 yanvardan 2023 yil 31 dekabrga qadar mehmonxonaga belgilangan tartibda berilgan toifa saqlangan taqdirda tegishli yil yakuniga ko`ra joylashtirish vositasining toifasi uchun undirilgan turistik (mehmonxona) yig`im summasining 50 foizi joylashtirish vositalariga qaytariladi.
2020 yil 1 avgustdan boshlab:
reyslar soni va yo`nalishlari bo`yicha cheklovlarni bekor qilishni nazarda tutuvchi “Ochiq osmon” rejimi “Andijon”, “Buxoro” va “Urganch” xalqaro aeroportlarida xalqaro huquq normalariga muvofiq joriy etiladi;
xorijiy aviakompaniyalar havo qatnovi to`g`risidagi hukumatlararo bitimning mavjudligidan qat`i nazar “Ochiq osmon” rejimi joriy etilgan xalqaro aeroportlarga doimiy qatnovlarni amalga oshira oladi (bunda, Xalqaro fuqaro aviasiyasi tashkilotining uchish va aviasiya xavfsizligi bo`yicha standartlariga muvofiq bo`lish talab etiladi);
investorlarning yo`lovchi tashuvchi yangi dor yo`llarini (“Chorvoq” erkin turistik zonasi hududida tashkil etilayotganlardan tashqari) qurish va jihozlash uchun yo`naltirilgan xarajatlarining bir qismi har bir 500 metr yo`l uchun Davlat byudjetidan Turizm sohasini qo`llab-quvvatlash jamg`armasiga ajratiladigan mablag`lar hisobidan 1 milliard so`m miqdorida qoplanadi.
Bunda dastlabki 50 ta loyihaga yo`naltirilgan investorlar harajatlarining bir qismi qoplanadi.
Turizmni rivojlantirish qo`mitasi va Qurilish vazirligining namunaviy loyihalari bo`yicha joylashtirish vositalarini tez quriladigan konstruksiyalar (o`tovlar, konteynerlar, sendvich panellar) bilan qurish uchun tadbirkorlar xarajatlarining bir qismi bunday tipdagi joylashtirish vositalarining joylari soni 50 mingtaga etguniga yoki 2023 yil 31 dekabrga qadar Davlat byudjetidan har bir joy uchun 5 million so`mgacha miqdorda qoplanadi.
Shaharlar va tumanlar bosh rejalarini ishlab chiqish va tasdiqlash jarayonida ular turizm infratuzilmasini rivojlantirish qismida Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi bilan majburiy kelishiladi.
Gid (gid-tarjimon), ekskursiya etakchisi va yo`riqchi-yo`l boshlovchilarning xizmatlari o`zini o`zi band qiladigan shaxslar shug`ullanishi mumkin bo`lgan faoliyat (xizmatlar, ishlar) turlari ro`yxatiga kiritiladi.
2020 yil 1 iyuldan 2023 yil 1 iyulga qadar nodavlat (xususiy) muzeylar, badiiy galereyalar va hunarmandchilik markazlarining asosiy faoliyat turi bo`yicha foyda solig`i, mol-mulk va er soliqlari hamda aylanmadan olinadigan soliq stavkalari belgilangan miqdorga nisbatan 50 foizga kamaytiriladi.






