So`nggi kunlarda mamlakatimizning turli hududlarida aholi orasida koronavirusga chalinish holatlariga e`tibor qaratsak, ko`pincha o`z ixtiyori bilan yoki profilaktik maqsadida namuna olinganda kasallik aniqlanayapti. Bu esa yon-atrofimizda koronavirusga chalinib, hech qanday kasallik belgilarisiz yurgan fuqarolar bo`lishi mumkinligini ko`rsatmoqda. Ayni holat barchamizdan yanada hushyor bo`lishni talab etadi.
Avval xabar qilganimizdek, 20 iyun sanasida yurtimizda koronavirus infeksiyasi tasdiqlangan 207 nafar bemordan 19 nafari aholi orasida aniqlangan bo`lsa, 21 iyun kuni esa 162 nafar bemordan 22 nafari aholi orasida tasdiqlandi. Ikki kunlik ma`lumotga ko`ra, umumiy kasallanish ko`rsatkichi kamaygan bo`lsa-da, ammo aholi orasida koronavirusga chalinish holati oshgan. Bu haqda SSV xabar berdi.
21 iyun kuni aholi orasida koronavirus aniqlanish holatlarini hududlar kesimida ko`radigan bo`lsak, Buxoro viloyatida 11 nafar, Toshkent shahrida 7 nafar, Sirdaryo, Samarqand, Andijon va Toshkent viloyatlarida 1 nafardanni tashkil qildi.
Jumladan, Shayxontohur tumanida yashovchi G.I.da (sanatoriyga yotish maqsadida namuna topshirgan) va Z.G.da (shifoxonaga yotish uchun namuna topshirgan), “Ipotekabank”ning Chilonzor tuman filiali xodimi F.A.da (tana harorati ko`tarilganligi sababli namuna topshirgan), “O`zbekiston havo yo`llari” AJ xodimi Sh.D.da (ishga qaytish uchun namuna topshirgan) , Toshkent shahridagi “AMG” MChJ xodimi K.M.da (profilaktika maqsadida namuna topshirgan) kasallik qayd etilgan.
Shuningdek, Buxoro viloyatidagi xorijiy korxonaning 4 nafar ishchisida (korxona xodimi tana harorati ko`tarilgan va namuna topshirgan. Profilaktika maqsadida boshqa xodimlardan ham namuna olingan) va shu xududdagi issiqxonaning 5 nafar ishchisida (profilaktika maqsadida namuna topshirishgan), shuningdek, viloyatda yana 2 nafar fuqaroda (profilaktika maqsadida namuna olingan), Andijon viloyati Paxtaobod tumanida yashovchi X.T.da (Toshkent shahar Yakkasaroy tumanidagi “F-market” do`konida sotuvchi. Tana harorati ko`tarilgach, ertasiga Andijon viloyatiga, o`z uyiga qaytgan), Sirdaryo viloyati Guliston shahrida yashovchi fuqaro G.A.da hamda Samarqand shahar sanitariya-epidmiologiya osoyishtaligi markazi xodimida ham koronavirus infeksiyasi tasdiqlangan. Ayni paytda ushbu holatlar yuzasidan epidemiologik surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Vaziyat hamon xavotirli ekanini inobatga olib, Sog`liqni saqlash vazirligi aholidan yon-atrofdagi odamlar bilan ijtimoiy masofa saqlagan holda, imkon qadar kamroq muloqotda bo`lishni, va albatta, zarurat bo`lmaganda ko`chaga chiqmaslik, ozodalikni saqlash,qo`llarni yaxshilab, qayta-qayta yuvish, ko`chaga chiqqanda niqobni to`g`ri taqib yurish kabi karantin qoidalariga muntazam ravishda qat`iy rioya etishlarini so`rab qoladi.






