AsosiyJamiyat

Agar karantin muddati cho`zilsa, kirish imtihonlari 1 avgustda bo`lmaydi — DTM

'Agar karantin muddati cho`zilsa, kirish imtihonlari 1 avgustda bo`lmaydi — DTM'ning rasmi


Milliy matbuot markazida O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi tomonidan brifing o`tkazildi.

– 2020/2021 o`quv yilida barcha oliy ta`lim muassasalarining bakalavriat ta`lim yo`nalishlariga kirish test sinovlari 1 avgustdan boshlanishi belgilandi, – dedi Davlat test markazi bo`lim boshlig`i F.Mirzaev. 
 

– Bunda karantin cheklovlarining 1 avgustga qadar cho`zilganligi hisobga olindi. Biroq unutmaslik kerakki, agar karantin cheklovlari cho`zilsa, muddat o`zgarishi mumkin. Test sinovlari 64 ta binoda o`tkaziladi. Binolarni tayyorlash ishlari tugatilmoqda. Infeksiya butunlay bartaraf etilganligiga kafolat bo`lmagan sharoitda ming nafar abiturientni bitta binoda tiqilinch holatda o`tirishiga yo`l qo`yib bo`lmaydi. Shuning uchun ham mazkur o`quv yilida test sinovlari o`tkaziladigan binolarda ko`pi bilan 750 o`rin tayyorlanadi, har bir abiturient uchun kamida 3 kvadrat metr joy ajratiladi. 
 

Sanitariya-gigiena talablariga binoan, ularda niqob, qo`lqop bo`lishi ta`minlanadi. Abiturientning tana harorati o`lchanib, dezinfeksiya «tunneli»dan o`tgach, hudud yoki binoga kiritiladi. Binolar kamida 4 marotaba dezinfeksiya qilinadi. Bularning bari test topshiruvchilar, guruh nazoratchilari va jarayonga jalb etilgan boshqa shaxslarning salomatligini himoyalash maqsadida amalga oshiriladi.

Ta`kidlanishicha, test sinovlariga 5 ming 300 nafar guruh nazoratchisi jalb etilishi rejalashtirilgan. Bugungi kun holatida 5 ming 403 nafar guruh nazoratchiligiga nomzod ro`yxati shakllantirilib, Davlat test markazining "STAFF" ma`lumotlar bazasiga kiritildi. Ulardan 1 ming 956 nafari oliy ta`lim muassasalarining professor-o`qituvchilari, 3 ming 447 nafari umumiy o`rta ta`lim muassasalarining rahbar va pedagog xodimlaridir. Joriy yil 2-5 iyun kunlari guruh nazoratchiligiga nomzodlar uchun masofaviy o`quv-seminar mashg`ulotlari 1-bosqichi yakunlandi.

Abiturientlarni ro`yxatdan o`tkazish o`tgan yili Davlat xizmatlari markazlari, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali, Oliy ta`lim muassasalari qabul komissiyalari tomonidan amalga oshirilgan edi. Joriy yilda shular qatorida Davlat test markazining rasmiy veb-sayti orqali ham onlayn rejimda amalga oshiriladi. Shuningdek, ta`kidlash kerak, onlayn ro`yxatdan o`tish davomida ta`lim muassasalarini avvalgi yillarda bitirgan abiturientlar elektron to`lov orqali to`lovni amalga imkoniyati ham yaratiladi.

Bugungi sharoitni hisobga olib, 2020/2021 o`quv yili uchun istisno tariqasida bakalavriat ta`lim yo`nalishlariga kirish test sinovi topshiriladigan fanlar qisqardi. Joriy yilda o`tkazilishi avvaldan belgilangan 3 ta majburiy fan – ona tili (o`zbek, rus, qoraqalpoq tillari), matematika, O`zbekiston tarixi fanlaridan test sinovi o`tkazilmaydi. Faqat tanlangan ta`lim yo`nalishiga mos 2 ta mutaxassislik fanlaridan test bo`lishi belgilandi.

Mutaxassislik fanlari ro`yxati 2019 yil dekabr oyida belgilangan tartibda tasdiqlanib, keng jamoatchilikka Davlat test markazining dtm.uz rasmiy saytida e`lon qilingan edi. Keyingi o`quv yilidan boshlab, hamma jarayon belgilangan tartib-qoidalar asosida bo`lib o`tadi.

Test sinovi topshirilishi ko`zda tutilayotgan ikkita mutaxassislik fanining har birida 30 tadan, jami 60 ta test topshirig`i beriladi. Birinchi fandan to`g`ri, deb topilgan har bir test topshirig`iga 3,2 balldan, ikkinchi fandan to`g`ri, deb topilgan har bir test topshirig`iga esa 3,1 balldan beriladi. Abiturientlarning umumiy to`plashi mumkin bo`lgan eng yuqori ko`rsatkich 189 ballni tashkil etadi.

Ma`lumki, 2019 yilda qabul test sinovlarida geografiya, tarix fanlarida yozuvsiz xarita, jadval, rasmli test topshiriqlari qo`llanilgan edi. Abiturientlarning test topshiriqlarini tez anglay olishlari, fikrlashlari va vaqt tejashlari uchun joriy yilda ham tarix, geografiya, ingliz, nemis, fransuz tillari, kimyo, biologiya va fizika fanlaridan yozuvsiz xarita, jadval, rasmli test topshiriqlari soni ko`paytirilmoqda.

Shuningdek, ona tili (o`zbek, rus, qoraqalpoq tillari) va adabiyot fanidan mustaqil o`qish uchun tavsiya qilingan badiiy asarlardan test topshiriqlari soni yanada ortadi.

Abiturientlarning mantiqiy fikrlashini rivojlantirish maqsadida matnli testlar, ya`ni matn ustida ishlash bilan bog`liq bo`lgan test topshiriqlari soni oshirilmoqda.

Matnli test topshiriqlarida matn tarkibidagi so`zlarning to`g`ri qo`llanganligini va gaplarning to`g`ri shakllantirilganligini aniqlash, matndagi so`zlarning maʼnolarini topish va matnning asosiy mazmunini tushunish talab etiladi. Kimyo fanidan nazariy test topshiriqlar soni oshiriladi va laboratoriya ishlariga oid test topshiriqlari tuzilmoqda. Fizika fanidan ham nazariy test topshiriqlari soni oshirilgan holda birinchi qiyinlik darajasidagi test topshiriqlari soni 6 tadan 10 tagacha ko`paytiriladi.

Shuningdek, abiturientlarga qulaylik yaratish maqsadida «Doimiy fizik kattaliklar jadvali» ishlab chiqildi va u «Kimyoviy elementlar davriy sistemasi» kabi test sinovi topshirish jarayonida abiturientlarga taqdim etiladi.

    Boshqa yangiliklar