AsosiyJamiyat

Toshkentda yosh kinoijodkorlarning qisqa metrajli filmlari namoyish etiladi

Joriy yilning 16-22 noyabr kunlari Toshkent shahrida o`tkaziladigan “Ertangi kun bizniki, marra bizniki!” shiori ostidagi “Yoshlar haftaligi”doirasida “PROlogue” – yosh kinoijodkorlar tomonidan suratga olingan qisqa metrajli filmlar Respublika festivali tashkil etilmoqda.

Festivalda ishtirok etish maqsadida turli hududlardan 100ga yaqin ariza kelib tushdi. Festival Saralash komissiyasi filmlar ko`rigini o`tkazdi va ulardan 20tasini festival asosiy dasturiga tavsiya etdi. Mazkur 20ta filmning 40 nafardan ortiq yosh ijodkorlari bular – ssenariy mualliflari, rejissyorlar va operatorlar festival ishtirokchisiga aylanishgan hamda tadbir doirasida 11-20 noyabr kunlari “O`zbekfilm” kinostudiyasi, Respublika kinochilar uyi va “Yoshlar ijod saroyi”da o`tkaziladigan “Grand Master Class” nomli asosiy mahorat darslarida ishtirok etishadi, bu haqda "O`zbekkino" Milliy agentligi axborot xizmati xabar beradi.

16-19 noyabr kunlari “Yoshlar ijod saroyi”da asosiy ko`rik dasturiga kirgan filmlar namoyishlari tashkil etiladi va 21 nobyar kuni Festival g`oliblari tantanali ravishda taqdirlanadi. Shu bilan birga, g`olib va sovrindorlardan iborat ijodiy guruh tashkil etilib, ularga 2016 yil davlat buyurtmasi asosida badiiy filmni suratga olish topshiriladi.

G`oliblar g`oyaning originalligi va dolzarbligi, yuqori badiiy saviya, qiziqarli syujet, kino tilining o`ziga xos uslubi, novatorlik va izlanish, rejissyorlik va operatorlik topilmalar, aktyorlarning ijrosi kabi mezonlar bo`yicha aniqlanadi.

Ahamiyatli tomoni shundaki, Festivalda ishtirok etgan asarlar jamlanib, maxsus to`plam shaklida chiqariladi hamda xalqaro kinofestivallarga tavsiya etiladi, shuningdek, respublika kinoteatrlarida aholi uchun namoyishlari tashkil etiladi. Bu esa, o`z navbatida, yosh kinematograflarga o`z asarlarini keng jamoatchilikka namoyish etish va o`z-o`zidan «katta kino»ga ishonch bilan kirib borish uchun parvoz nuqtasi bo`lib xizmat qiladi.

Festival doirasida maxsus effektlardan foydalanish va 3D-texnologiyasi asosida filmlar suratga olish bo`yicha xorijlik mutaxassislar ishtirokidagi master-klass, o`zbek kinosan`ati muzeyida ochiq eshiklar kuni, zamonaviy kinoindustriya uskunalari ko`rgazmasi, “Kino va moda” namoyishlari kabi bir qator tadbirlar o`tkazilishi ko`zda tutilgan.

Mazkur Festival doirasidagi “Cinema Expo” – zamonaviy kinoindustriya uskunalari xalqaro ko`rgazmasi haqida alohida to`xtalib o`tish lozim. Ko`rgazma mamlakatimiz kinobozoriga zamonaviy audio-vizual texnologiyalar va innovasion loyihalarni olib kirish hamda film ishlab chiqarish va uni targ`ib qilish bilan bog`liq barcha turdagi xizmatlarni qamrab oladi. Unda Chexiya, Xindiston, Rossiya kabi 10dan ortiq xorijiy mamlakatlar kompaniyalari ishtirok etishi ko`zda tutilgan. Misol uchun aytib o`tish mumkin, eng katta stendlardan birini Xindiston kinokompaniyasi egallagan bo`lib, unda “Bollivud” haqida to`liq axborot olish mumkin bo`ladi.

 

    Boshqa yangiliklar