AsosiyJamiyat

Bugungacha “Sardoba” toshqinidan zarar ko`rgan nechta uy ta`mirlandi?

'Bugungacha “Sardoba” toshqinidan zarar ko`rgan nechta uy ta`mirlandi?'ning rasmi

"Sardoba" suv toshqini talofatlarini bartaraf etish uchun Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 19  maydagi 294-son qaroriga asosan jami 129,7 mlrd so`m ajratildi. Bu haqda bugun, 22 iyun kuni AOKA huzuridagi shtabda o`tkazilgan brifing paytida Uy-joy kommunal xizmat ko`rsatish vazirligi axborot xizmati rahbari Alipasha Ahmedov ma`lum qildi.

Bundan tashqari, ichimlik suv ob`ektlarini qurish-ta`mirlash ishlari uchun 65,6 mlrd so`m, ko`p qavatli uylarning ichimlik va oqova suv ob`ektlarini qurish-ta`mirlash ishlari uchun 64,2 mlrd so`m ajratilishi belgilangan.

Ushbu mablag` hisobidan jami 16 ta ob`ektda 106,5 km ichimlik suv, 15,0 km oqova suv tarmog`i, 14 ta suv inshooti, 4 ta oqova suv tozalash inshooti va oqova suv haydash nasos stansiyalarini qurish hamda rekonstruksiya ishlarini amalga oshiriladi.

20 iyun holatiga ko`ra, qurilish-montaj ishlarining 40-45 foizi bajarilgan.

Ma`lum qilinishicha, Oqoltin tumani “Saxovat” mahallasidagi 12 ta, Mirzaobod tumani “Navbahor” mahallasidagi 11 ta, Sardoba tumani “Yurtdosh” hamda “Qo`rg`ontepa” mahallalaridagi 13 ta jami 36 ta ko`p qavatli uy ta`mirlanishi bo`yicha loyiha oldi ishlari amalga oshirilib, ekspertizadan o`tkazilgan.

Hisob-kitob qilinishicha, ko`p xonadonli uy-joylarni ta`mirlash va ularning tutash hududini tiklash hamda obodonlashtirish uchun jami 19,1 mlrd. so`m mablag` talab etiladi. Xususan, uylarni ta`mirlash uchun 12,1 mlrd. so`m va obodonlashtirish ishlariga 7,0 mlrd.so`m sarflanadi.

    Boshqa yangiliklar