Hukumat qarori (402-son, 23.06.2020 y.) bilan Oliy ta`lim muassasalariga qo`shimcha davlat granti asosidagi qabul ko`rsatkichlari doirasida xotin-qizlarga tanlovda ishtirok etish uchun tavsiyanoma berish va ularni o`qishga qabul qilishni tashkil etish tartibi to`g`risidagi nizom tasdiqlandi.
Nizomga muvofiq, bunday tavsiyanomalar quyidagi mezonlardan biri asosida beriladi:
🔻 kam ta`minlangan oiladan chiqqan xotin-qizlar;
🔻 to`liqsiz oilada tarbiyalanayotgan, ya`ni ota yoki onasi vafot etgan xotin-qizlar;
🔻 14 yoshgacha bo`lgan ikki va undan ortiq farzandlarni tarbiyalayotgan, boshqa qarindoshlaridan alohida yashayotgan yolg`iz ayol (erkak)larning qizlari;
🔻 shaxsiy uy-joyga ega bo`lmagan, ijarada yashayotgan oilalar;
🔻 ota-onalardan biri yoki har ikkisi ishsiz bo`lgan va ish qidiruvchi shaxs sifatida aholi bandligiga ko`maklashish markazlarida hisobda turganlar;
🔻 nogironligi bo`lgan farzandi bor oilalardan chiqqan xotin-qizlar;
🔻 oliy ma`lumotli xotin-qizlar bilan qamrab olish darajasi respublikaning o`rtacha ko`rsatkichlaridan ikki yoki undan ortiq marotaba past bo`lgan tumanlar, shuningdek, olis va borish qiyin bo`lgan hududlarda yashovchi oilalardagi qiz farzandlar (ularni o`z hududida 3 yil ishlash sharti bilan).
Nizom bilan tavsiyanoma olish tartibi belgilandi.
Unga ko`ra, har yili fevral oyida xotin-qizlarga tavsiyanomalar berish bo`yicha ishchi guruhi tuziladi.
Tuman (shahar) mahalla va oilani qo`llab-quvvatlash bo`limlari tavsiyanoma olish maqsadida murojaat etgan xotin-qizlarning hujjatlarini har yili 10 mayga qadar Qoraqalpog`iston Respublikasi Mahalla va oilani qo`llab-quvvatlash vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar mahalla va oilani qo`llab-quvvatlash boshqarmalariga taqdim etadi.
Ishchi guruh tomonidan saralab olinib, qo`shimcha qabul ko`rsatkichlari uchun tanlovda ishtirok etishga tavsiya etilgan xotin-qizlarning ro`yxati har yili 15 iyunga qadar Davlat test markaziga taqdim etiladi hamda Mahalla va oilani qo`llab-quvvatlash vazirligining rasmiy veb-saytida e`lon qilinadi.
Tavsiyanoma oliy ma`lumot olish istagida bo`lgan xotin-qizlarga 3 yildan ko`p bo`lmagan muddatga beriladi.
Tavsiyanoma ajratilgan qo`shimcha to`rt foizli (https://t.me/huquqiyaxborot/7369) davlat granti asosidagi qabul ko`rsatkichlari doirasida abiturient sifatida ro`yxatdan o`tishida tanlagan birinchi ta`lim yo`nalishi bo`yicha tanlovda ishtirok etish huquqini beradi, ikkinchi va undan keyingi oliy ta`lim olish uchun tanlovda ishtirok etishga nisbatan tatbiq etilmaydi.






