AsosiyJamiyat

Ishtixonda bir ayolga tazyiq o`tkazayotgan etti "zo`ravon"ning harakatlariga chek qo`yildi

'Ishtixonda bir ayolga tazyiq o`tkazayotgan etti "zo`ravon"ning harakatlariga chek qo`yildi'ning rasmi

Ishtixon tumani Sohibkor mahallasida istiqomat qiluvchi J.M. 7 nafar hamqishloqlari xatti-harakatidan norozi bo`lib, tuman IIBga ariza bilan murojaat qilgan. Joriy yilning 27 may kuni kechasi soat 01:00, 02:00 lar atrofida jabrlanuvchi J.M. uyining derazasi ochiqligidan foydalangan yigitlar mast holatda ayolning shaxsiyatiga tegadigan so`zlar orqali uni haqorat qilib, ruhiy tazyiq o`tkazgan. Bundan tashqari, O`.U. ma`muriy javobgarlikdan so`ng ham ruhiy bosim o`tkazishni davom ettirgan. Shundan so`ng ayol qo`rquv sababli bir-necha kungacha uyidan qochib, yashirinib yurgan.

Ariza yuzasidan tuman IIB xodimlari tomonidan surishtiruv ishlari olib borilganda, yuqorida ko`rsatilgan fuqarolarning xatti-harakatida O`zbekiston Respublikasi MJtKning 183-moddasida ko`rsatilgan ma`muriy huquqbuzarlik alomatlari bo`lganligi sababli ushbu fuqarolarga nisbatan O`zbekiston Respublikasi MJtKning 183-moddasi asosida hujjatlar to`planib, MIB Ishtixon tumani sudiga yuborildi. Sud tomonidan ushbu fuqarolarning xatti-harakatiga huquqiy baho berilib, ularning har biriga ma`muriy 10 (o`n) sutka qamoq jazosi qo`llanildi.

O`zbekiston Respublikasining “Xotin-qizlarni tazyiq va zo`ravonlikdan himoya qilish to`g`risida”gi Qonuni va Vazirlar Mahkamasining “Xotin-qizlarni tazyiq va zo`ravonlikdan himoya qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi Qarori ijrosini ta`minlash maqsadida tuman IIB xotin-qizlar masalalari bo`yicha katta inspektori leytenant M.Primova va Sohibkor mahallasi profilaktika inspektori, leytenant R.Xudoyberdiev fuqaro J.M.ga himoya orderini berishdi. Ya`ni, bunda bir oy mobaynida ayol IIB nazoratida bo`ldi.

Tazyiq o`tkazgan shaxslar O`.U., I.E., A.U., S.B., Sh.S., Sh.E., Sh.B.larga nisbatan himoya orderi bo`yicha bir qator cheklovlar tasdiqlandi. Tuman IIB profilaktika inspektori Sh.Narziev, Sohibkor mahallasi raisi A.Boboev, mutaxassis F.Sobirova bu oilaga murabbiy etib biriktirildi.

Ayni damda fuqaro J.M. o`z yashash uyida onasi va akasi bilan yashamoqda.

    Boshqa yangiliklar