10-11 noyabr kunlari “Istiqlol” san`at saroyida Bahrom Nazarovning “Shukrona” nomli konsert dasturi bo`lib o`tmoqda.
Konsert dasturining ilk kuni tashrif buyurgan muxlislarga a`lo darajadagi kayfiyat taqdim eta oldi. Konsert taasurotlari muxlislar qalbida ancha vaqtgacha saqlanib qolishi aniq. O`zgacha tashkillashtirilgan dastur, sahna bezagi, rejissyor mahorati, san`atkorning professionalizmi, yangi bo`lishiga qaramay muxlislarning yuragidan joy ololgan taronalar - bularning hammasi aynan Bahrom Nazarovning konsert dasturda mujassam bo`ldi. Darvoqe, konsert rejissyori - Oybek Aliev.
Konsertning uchinchi qismida saroyning o`rtasiga o`rnatilgan kichik sahna va unda kuylangan yangi “Bor-bor” taronasi bilan uyg`unlashgan ajoyib g`oya muxlislar qalbidan joy olishga ulgurdi.
Eng asosiy bir jihatni ta`kidlamay bo`lmaydi, boshqa konsert dasturlarda guvohi bo`lganim, tomoshabin odatda konsertning so`nggi taronasida o`rnidan turib, zalni tark eta boshlaydi, bu gal esa unday bo`lmadi.
Bahrom Nazarov muxlislarining madaniyatimi, tashkilotchilarning g`oyasi yohud san`atkorning o`ziga xos ijrosi, tomoshabinni konsert so`nggi soniyalarigacha o`rindiqni tark etmasligiga sabab bo`ldi. Bunga tasanno aytishdan o`zga chora yo`q.
Konsert so`nggidagi sirk artistlarini chiqishlari ham barcha uchun kutilmagan hodisa bo`ldi.
Darvoqe, konsertga Bahrom Nazarovning ustozi O`zbekiston va Qoraqalpog`iston xalq artisti Ozodbek Nazarbekov tashrif buyurib, shogirdiga omad tiladi hamda o`zining yangi taronasini taqdim etdi.
Muxlislarning deyarli barchasi konsertni a`lo kayfiyatda tark etgani, uning yuqori darajada o`tganidan dalolat.
Bahrom Nazarovning kelgusi ijodiga omadlar tilab qolamiz.
Darvoqe, bugun konsertning ikkinchi - so`nggi kuni taqdim etiladi.





