AsosiyDunyo

Pokistonda halokatga uchragan samolyot uchuvchilari koronavirus haqida gaplashgani hammasiga sabab bo`lgan

'Pokistonda halokatga uchragan samolyot uchuvchilari koronavirus haqida gaplashgani hammasiga sabab bo`lgan'ning rasmi

Joriy yilning 22 may kuni Pokistonning Karachi shahri aeroportiga qo`nish vaqtida halokatga  uchragan  va aholi yashash hududiga qulagan edi. Bu haqda saytimizda xabar bergan edik. 

Pakistan International Airlines aviakompaniyasining Airbus A320 samolyoti uchuvchilari parvoz vaqtida koronavirus pandemiyasini muhokama qilgan va samolyot boshqaruvidan chalg`iganligi ma`lum bo`ldi. Bu haqda Pokiston hukumati tomonidan e`lon qilingan dastlabki tergov materiallarida so`z boradi, deya Meduza manbasiga tayanib daryo yozmoqda.

Samolyot bortidagi ovoz yozuvlaridan ma`lum bo`lishicha, parvoz vaqtida uchuvchilar koronavirus pandemiyasini muhokama qilgan. «Ularning oilalari jabr ko`rgan, shuning uchun ular koronavirusni muhokama qilgan», — dedi Pokiston fuqaro aviasiyasi vaziri G`ulom Sarvar Xon.

Vazirning so`zlariga ko`ra, samolyot qo`nishga juda katta balandlikdan kira boshlagan, buni dispetcherlar payqagan va ekipajga xabar qilgan, biroq uchuvchilar dispetcherning so`zlarini inobatga olmagan.

«Dispetcherlar ularni ogohlantirgan, biroq u (ekipaj komandiri) ‘Eplayman’, degan, shundan so`ng ular (uchuvchilar) koronavirusni muhokama qilishda davom etgan», — deya ma`lum qildi G`ulom Sarvar Xon.

Vazirning qayd etishicha, uchuvchilar tajribali bo`lgan va parvozdan oldin barcha tibbiy tekshiruvlardan o`tgan, samolyot ham to`liq soz holatda bo`lgan.

Eslatib o`tamiz, Airbus A320 samolyoti 22 may kuni Karachi shahriga qo`nishga ikkinchi urinishda aholi yashaydigan mavzega qulagan. Bortda bo`lgan 97 kishi halok bo`lgan. Erda bo`lgan taxminan 10 kishi turli darajada tan jarohati olgan, ulardan biri aviahalokatdan bir necha kun o`tib vafot etgan. Shu bilan birga, samolyot bortida bo`lgan yo`lovchilardan ikki nafari tiri qolgan.

Dastlab aviahalokatga samolyotning qushlar galasi bilan to`qnashib ketgani sabab bo`lishi mumkinligi hamda samolyotning shassi g`ildiraklarida ham muammo kuzatilgani haqida xabar berilgandi.

    Boshqa yangiliklar