Joriy yilning 23 iyun kuni Qarshi shahar I.Karimov ko`chasidagi «Nasaf Travel» mehmonxonasi binosining o`ng tomonidan qo`shimcha qurilayotgan 5 qavatli yangi qurilishi yakunlanmagan binoning tom qismidagi tom yopma qurilmasi (beton plita) qulab tushgan edi. Qurilish vazirligi matbuot xizmati vaziyatga izoh berdi.
"Qashqadaryo viloyat Qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi tomonidan o`rganish ishlari olib borilganida, “Nasaf-Travel” kompaniyasiga tegishli ushbu ob`ektidagi qurilish ishlari ruyxatga olinmasdan, noqonuniy olib borilgani ma`lum bo`ldi.
Buyurtmachi “Nasaf-Travel” kompaniyasi O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 18 maydagi “Arxitektura va qurilish sohasida davlat xizmatlari ko`rsatishning ayrim ma`muriy reglamentlarini tasdiqlash to`g`risida”gi 370-son qarorining, 5-ilovasi, ya`ni, “Qurilish-montaj ishlarini boshlash haqida xabarnoma yuborish bo`yicha davlat xizmatlari ko`rsatishning ma`muriy reglamenti”ga muvofiq, Qashqadaryo viloyat Qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasini xabardor etmagan.
Shuningdek, mazkur ob`ekt qurilishi bo`yicha, Qarshi shahar hokimining 2018 yil 5 iyundagi “Nasaf-Travel” kompaniyasiga tegishli 4566,92 kv.m er maydonida joylashgan “Mehmonxona va restoran”ni rekonstruksiya qilishga hamda o`z hududidan yordamchi binolar qurishga ruxsat etish to`g`risida”gi qarori bilan, “ob`ekt atrofini toza saqlash, obodonlashtirish va ko`kalamzorlashtirish ishlarini doimiy bajarish hamda ob`ektda qurilish-montaj ishlarini amalga oshirish uchun viloyat davlat arxitektura qurilish nazorati inspeksiyasidan ruxsatnoma olish yuklatilgan” bo`lsada, buyurtmachi “Nasaf-Travel” kompaniyasi tomonidan ushbu talab bajarilmagan.
Inspeksiya tomonidan ushbu ob`ekt qurilishi bo`yicha (2019 yil 29 noyabrda 30-son va 2020 yil 28 fevralda 141-son ogohlantirish xati) buyurtmachi “Nasaf-Travel” kompaniyasini bir necha bor ogohlantirgan bo`lishiga qaramasdan, noqonuniy ravishda ob`ektda qurilish-montaj ishlarini davom ettirgan. Va qurilish me`yorlarining qo`pol ravishda buzilishi natijasida mazkur holat kelib chiqqan. Tadbirkorlik sub`ekti qonunda ko`rsatilgan erkinliklarni suiste`mol qilgan. Noqonuniy qurilish ishlarini amalga oshirgan" deyiladi xabarda.






