AsosiyJamiyat

“Karantin qonunsizlik degani emas: jarima maydoniga qo`yilgan avtomobillar qo`yib yuborilishi kerak” nomli maqola yuzasidan ma`lumot berildi

'“Karantin qonunsizlik degani emas: jarima maydoniga qo`yilgan avtomobillar qo`yib yuborilishi kerak” nomli maqola yuzasidan ma`lumot berildi'ning rasmi

“Karantin qonunsizlik degani emas: jarima maydoniga qo`yilgan avtomobillar qo`yib yuborilishi kerak” nomli maqola yuzasidan O`zbekiston Respublikasi IIV YHX Bosh boshqarmasi ma`lumot berdi:

"Karantin davrida avtotransport vositasini maxsus ruxsatnomasiz boshqarganlik uchun jarima maydonchasiga joylashtirish quyidagi asoslarga ko`ra amalga oshirilmoqda. Jumladan, “Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi Qonunining 31-moddasida yuqumli va parazitar kasalliklarning paydo bo`lish yoki tarqalish xavfi yuzaga kelgan taqdirda Vazirlar Mahkamasi O`zbekiston Respublikasi Bosh davlat sanitariya vrachi, uning o`rinbosari taqdimnomasiga ko`ra tegishli hududlarda belgilangan tartibda cheklovchi tadbirlar (karantin) joriy etishi mumkinligi, shuningdek, cheklovchi tadbirlar (karantin) o`tkazish tartibi va muddatlari Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanishi nazarda tutilgan.

Shuningdek, “O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi Qonunining (yangi tahriri) 11-moddasiga ko`ra, Vazirlar Mahkamasi sanitariya-epidemiologik osoyishtalikni ta`minlash bo`yicha choralarni amalga oshiradi.

Yuqoridagilar asosida Vazirlar Mahkamasining “Koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida” 2020 yil 23 martdagi 176-son qarorida Maxsus komissiyaga zarur hollarda qo`shimcha kechiktirib bo`lmaydigan tadbirlarni amalga oshirish bo`yicha qaror qabul qilish vakolati berilgan (4-band), shuningdek, uning o`z vakolatlari doirasida qabul qilgan qarorlari, idoraviy bo`ysunuvi va tashkiliy-huquqiy shaklidan qat`i nazar, barcha tashkilotlar va ularning mansabdor shaxslari, shuningdek, fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiy ekanligi belgilangan (12-band).

Yuqoridagilarga asosan, Maxsus komissiya Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 23 martdagi 176-son qarori bilan berilgan vakolatdan foydalangan holda, 2020 yil 4 apreldagi yig`ilish qarori bilan karantin talablarining ijrosini so`zsiz ta`minlash hamda ruxsatnomasi mavjud bo`lmagan holda harakatlanayotgan transport vositalarining huquqbuzarlikni davom ettirishiga yo`l qo`ymaslik maqsadida, istisno tariqasida, ichki ishlar organlari yo`l-patrul xizmati xodimlariga karantin davrida transport vositasini maxsus ruxsatnoma (stiker)siz boshqarganlik uchun jarima maydonchasiga joylashtirish yo`li bilan ushlab turish vakolati berilgan.

Bunda ma`muriy huquqbuzarlik to`g`risidagi qaror belgilangan tartibda ijro etilganidan yoxud ijrosi tugatilgandan so`ng avtotransport vositasi jarima maydonchisidan olib chiqib ketilishi belgilab qo`yilgan. Karantin cheklovlarini buzgan shaxslar Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksning 54-moddasida belgilangan karantinli va inson uchun xavfli bo`lgan boshqa yuqumli kasalliklar paydo bo`lishining yoki tarqalishining oldini olish maqsadida belgilangan majburiy qoidalarni buzgan shaxs sifatida javobgarlikka tortiladi.

Bulardan tashqari, karantin talablariga asosan maxsus ruxsatnomasi (stikeri) mavjud bo`lmagan taqdirda transport vositalarini boshqarib, huquqbuzarlikka yo`l qo`ymaslik maqsadida, ruxsatnomasiz harakatlangan transport vositalari ichki ishlar organlari tomonidan jarima maydonchasiga joylashtirish yo`li bilan ushlab turiladi.

Har qanday huquqbuzarlikka aniqlangandan so`ng darhol barham berilishi hamda huquqbuzarlik davom ettirilishi to`liq to`xtatilishi lozim. Xususan, karantin sharoitida maxsus ruxsatnoma (stiker)siz avtotransport vositasini boshqarishda ham ushbu qoida tatbiq etiladi va uning keyingi harakatiga chek qo`yiladi, bu bilan karantin qoidalariga rioya etilishi ta`minlanadi.

Har bir postda Davlat sanitariya nazorati organlarining mas`ul xodimlari ishtirokini va nazoratini ta`minlashning iloji yo`qligini inobatga olib, ular tomonidan tegishli bayonnomalar bevosita jarima maydonchalarida rasmiylashtirilishi yo`lga qo`yilgan. Yuqoridagi mexanizm esa huquqbuzarlikning bugungi kundagi murakkab epidemiologik sharoitda darhol to`xtatilishini hamda javobgarlikning muqarrarligini ta`minlaydi".

    Boshqa yangiliklar