Birlashgan millatlar tashkilotining Butunjahon turizm tashkiloti (UNWTO) Evropa mintaqaviy komissiyasining 65-yig`ilishiga Samarqand mezbonlik qildi.
Anjuman O`zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o`rinbosari, Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi raisi Aziz Abduhakimov boshchiligida bo`lib o`tdi.
Pandemiya bilan jahondagi vaziyat sabab onlayn videokonferensiya shaklida o`tgan tadbirda 40 dan ortiq davlatning turizm va sohaga oid vazirlik hamda idoralari vakillari ishtirok etdi. UNWTO Evropa mintaqaviy komissiyasi yig`ilishi 65-sessiyasining asosiy mavzusi pandemiyaning turizmga ta`siri va uning oqibatlaridan tiklanish masalasiga qaratildi.
Tadbir Bosh vazir o`rinbosari, Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi raisi Aziz Abduxakimov hamda mintaqaviy komissiya raisi – Gresiya Turizm vaziri Garri Teoxaris nutqlari bilan ochildi.
– Prezident Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan so`nggi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilgan tub islohotlar natijasida O`zbekiston iqtisodiyotining barcha sohalari, jumladan turizm sanoati oldida misli ko`rilmagan imkoniyatlar ochildi, – dedi Aziz Abduhakimov va ishtirokchilarni O`zbekistonda pandemiya davrida sohani rivojlantirish yo`lida olib borilayotgan ishlar bilan tanishtirdi. Shu o`rinda u davlat rahbarining 28 maydagi «Koronavirus pandemiyasining salbiy ta`sirini kamaytirish uchun turizm sohasini qo`llab-quvvatlashga doir kechiktirib bo`lmaydigan chora-tadbirlar to`g`risida»gi farmoni va «Turizm sohasini sanitariya-epidemiologik xavfsizlikning kuchaytirilgan rejimi talablariga qat`iy rioya qilgan holda rivojlantirishga doir qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida»gi qaroriga to`xtalib o`tdi.
Bundan tashqari, O`zbekistonda turizm sektorining ijtimoiy himoyasiga katta e`tibor qaratilayotgani e`tirof etildi. Gid va ekskursiyachi xizmatlarining o`z-o`zini band qiluvchi shaxslarning shug`ullanishi mumkin bo`lgan soliqdan xoli faoliyat turlari ro`yxatiga kiritilishi, ularning pensiya yoshiga etganda pensiya nafaqasini olishi shular jumlasidandir. Shu bilan birga, noyabr oyining «uchinchi yosh turizmi» oyi sifatida tanlanishi ham alohida o`ringa ega bo`lib, bu oyda keksalar uchun maxsus turistik paketlar ishlab chiqilib, imtiyozlar taqdim etiladi.
UNWTO Bosh kotibi Zurab Pololikashvili nutqidan so`ng Evropa departamenti direktori Alissandra Priante COVID-19 davrida Evropada olib borilgan ishlar hamda kelgusidagi tashabbuslarga doir ma`lumot berdi. Shu bilan birga, yig`ilishdan “COVID-19”ga javob siyosati” mavzusida vazirlararo muhokamalar hamda UNWTO va Xalqaro moliya korporasiyasining yashil moliyalashtirish instrumenti mavzusidagi ma`ruzalari o`rin oldi.






