AsosiyJamiyat

Bojxonachi, hokimlik ishchisi, korxona xodimlari va ko`plab fuqarolar: Toshkentda koronavirus aniqlanganlar haqida ma`lumot berildi

'Bojxonachi, hokimlik ishchisi, korxona xodimlari va ko`plab fuqarolar: Toshkentda koronavirus aniqlanganlar haqida ma`lumot berildi'ning rasmi

Kecha aholi orasida koronavirusga chalinish holatlari bo`yicha ham Toshkent shahrida yuqori ko`rsatkich qayd etildi, deya xabar bermoqda SSV.

Ma`lum qilinishicha, 23 iyun sanasida yurtimizda koronavirus infeksiyasi tasdiqlangan 201 nafar bemordan 30 nafari aholi orasida aniqlangan bo`lsa, 24 iyun kuni esa 239 nafar bemordan 31 nafari aholi orasida tasdiqlanib, shundan 18 nafari Toshkent shahrida aniqlandi.  

Ikki kunlik ma`lumotga ko`ra, ham umumiy kasallanish ko`rsatkichi, ham aholi orasida koronavirusga chalinish holati keskin ko`payganini ko`rish mumkin.

Jumladan, poytaxtimizdagi Uchtepa tumanida yashovchi X.Yu.da va shahar xokimligi obodonlashtirish muassasasi xodimi  D.E.da (har ikki holatda ham shifoxonaga yotish uchun namuna topshirgan), Mirzo Ulug`bek tumanida yashovchi M.B.da (“EKO” bozoriga borib kelgandan so`ng tana harorati ko`tarilgan va namuna topshirgan), Olmazor tumanida yashovchi M.Q.da (tana harorati ko`tarilgani sababli namuna topshirgan), shu tumanda yashovchi M.X.da. Chilonzor tumanida yashab, Toshkent tumanidagi “Zangiota” bojxona postida faoliyat ko`rsatuvchi Sh.S.da, “Comfort Leather” korxonasi xodimi va uning 5 nafar oila a`zosida koronavirus tasdiqlangan.

Bundan tashqari, Sergeli tumanida yashovchi, nafaqadagi fuqaro D.A. va uning turmush o`rtog`i A.A.da, “O`zagrotexsanoatxolding” AJ xodimi B.S.da (tana harorati ko`tarilgani sababli tez tibbiy yordam chaqirgan), Chilonzor tumanida yashovchi D.S.da (qizi M.X. tana harorati ko`tarilgani uchun tahlil topshirgan), Olmazor tumanida yashovchi S.F.da (uy bekasi, homilador, tug`ruqxonaga yotish uchun namuna topshirgan) ham kasallik qayd etilgan. Ayni paytda ushbu holatlar yuzasidan epidemiologik surishtiruv ishlari olib borilmoqda.  

O`tgan ikki kunlik holat Toshkent shahrida karantin qoidalari bejiz kuchaytirilmaganini ko`rsatib turibdi. Sog`liqni saqlash vazirligi aholidan karantin qoidalariga qat`iy rioya etishlarini so`rab qoladi.

    Boshqa yangiliklar