AsosiyJamiyat

#27 iyun. "O`tgan bir yil davomida ko`pchilik tashkilotlar rahbarlarining ham fikri teskari tomonga o`zgarmoqda"

'#27 iyun. "O`tgan bir yil davomida ko`pchilik tashkilotlar rahbarlarining ham fikri teskari tomonga o`zgarmoqda"'ning rasmi

 Men uchun mamlakatimiz tarixida 27 iyun sanasi bilan bog`liq ikkita muhim voqea bor: birinchisi, 1906 yilda jadidlarning ilk nashri bo`lgan “Taraqqiy” gazetasining chop etilgani bo`lsa, ikkinchisi, 2019 yilda “Ommaviy axborot vositalari mustaqilligini ta`minlash hamda davlat organlari va tashkilotlari axborot xizmatlari faoliyatini rivojlantirish bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi Prezident qarorining qabul qilinganidir.

Qaror qabul qilinganiga bir yil to`ldi. Shu davrda ikkita tashkilot axborot xizmatida ishlab, uning mohiyati va ahamiyatini boricha his etdim.

Ta`kidlash joiz, qaror matbuot kotiblariga qator vakolatlar berishi bilan birga, jiddiy majburiyatlar ham yukladi.

O`tgan bir yil davomida matbuot kotiblarining nafaqat o`zi ishlab turgan tashkilot jamoasi o`rtasida mavqei oshdi, balki keng jamoatchilikka ham tanila boshladi.

Tan olish kerak, bugun shiddatli o`zgarishlar, tezkor axborot oqimi davrida qaysi davlat tashkilotiga savollar yoki e`tirozlar ko`payib ketsa, birinchi bo`lib o`sha tashkilotning matbuot kotiblari maydonga chiqmoqda.

 Ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqalayotgan axborot tezkorligi va uning ommaga ta`sirini hisobga oladigan bo`lsak, davlat idorasi va hatto xorijiy mamlakat vakolatxonasi nomidan aytilgan har qanday fikrning zalvorini tasavvur etish qiyin emas. Shu bois ham matbuot kotibi birgina so`zni ham jamoatchilikka aytishdan oldin vaziyatni to`g`ri baholab, tahlil eta olishi, ma`lumotning haqqoniyligini tekshirishi va axborotni saralashi va uni to`g`ri uslubda etkaza bilishi kerak.

O`zbekiston sharoitida bugungi kunning matbuot kotibi tom ma`noda, tashkilotning butun tanasini 24 soat davomida, dam olish kunlarisiz his qilib turishi kerak. Tashkilot va xalq o`rtasida paydo bo`lgan muammo va kamchiliklarni o`z vaqtida anglashi, bartaraf etishi, ochiqlik, shaffoflikni ta`minlashi lozim.

Faoliyatim davomida hatto bayram kunlari vaziyatni tezkor o`rganish va bayonot berishga to`g`ri kelgan holatlar bo`ldi. Ana shunday bayonotlardan birini xorijiy ommaviy axborot vositalaridan biri kinoya bilan “... dam olish kuni bo`lishiga qaramay, tezkorlik bilan o`z munosabatlarini e`lon qildilar” deya e`tirof etgan edi.

O`tgan bir yil davomida ko`pchilik tashkilotlar rahbarlarining ham fikri teskari tomonga o`zgarmoqda. Ular faol matbuot kotibi yordamida ochiqlik, oshkoralik va ommaviy axborot vositalariga yaqinlik – faqat va faqat manfaatli ekanini yanada chuqurroq tushunib etmoqda.

  Albatta, matbuot kotiblarining oldida yanada ko`proq o`rganish, tajriba orttirish, kutilmagan vaziyatlarga tayyor turish kabi vazifalar turibdi.

O`ylaymanki, bu ochiqlik siyosatining sur`ati yanada tezlashsa- tezlashadiki, bir dam to`xtamaydi. Aksincha, jamiyatning barcha sohalari va mamlakatimizning barcha hududlarida yanada ommalashaveradi.

Fursatdan foydalanib, soha xodimlarini kasb bayramlari bilan tabriklayman va sharafli xizmatni ado etishda omad tilayman!

Ortiqxo`ja Norov, 

Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi boshlig`i matbuot kotibi –

 axborot siyosati masalalari bo`yicha maslahatchisi

    Boshqa yangiliklar