“Huquqbuzarliklarning oldini olishda zamonaviy axborot-kommunikasiya texnologiyalaridan keng foydalanish bo`yicha chora-tadbirlar to`g`risida” Hukumat qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining Huquqiy axborot kanali xabar bermoqda.
Qarorga muvofiq, “Ma`muriy huquqbuzarlik to`g`risida yagona elektron ish yurituv” loyihasi bosqichma-bosqich amaliyotga joriy etiladi.
Loyihada, jumladan, quyidagilar nazarda tutiladi:
*ma`muriy huquqbuzarlik to`g`risidagi ishlarni qo`zg`atish, ko`rib chiqish va bayonnoma tuzishga vakolatli organlar, sudlar va majburiy ijro byurosi, shuningdek, boshqa tashkilotlarning elektron axborot tizimlari va ma`lumotlar bazalarini integrasiyalashtirish;
*ma`muriy huquqbuzarlikka oid ish yuritishda foydalaniladigan prosessual hujjatlarning yagona elektron bazalarini shakllantirish;
*ma`muriy huquqbuzarlikka oid ishlarni yuritishda ortiqcha bosqichlarni bekor qilish va muddatlarni qisqartirish orqali ish yuritish tartibini soddalashtirish.
Ichki ishlar vazirligi loyihani amalga oshirish va yuritish uchun mas`ul vakolatli organ etib belgilandi. Loyihani Toshkent shahri hududida amalga oshirish doirasida ma`muriy huquqbuzarlik to`g`risidagi ishlarni yuritishning soddalashtirilgan tartibi qo`llaniladi.
Unga ko`ra, vakolatli mansabdor shaxs huquqbuzarlikni aniqlashi bilan birgalikda maxsus mobil qurilma (planshet) orqali ma`muriy bayonnomani tuzadi va huquqbuzarga ushbu bayonnomaning elektron yoki qog`oz shaklini taqdim etadi.
Ma`muriy huquqbuzarlikni sodir etgan shaxs agar uni o`zi sodir etganligiga e`tiroz bildirmasa, bayonnomani planshetdagi maxsus skanerlovchi uskuna orqali barmoq izlarini tushirish yo`li yoki elektron grafik imzosi bilan tasdiqlaydi.
Shuningdek, huquqbuzarga “Elektron hukumat” ning yagona billing tizimi orqali masofaviy to`lash imkoniyati yaratiladi.
Qarorda soddalashtirilgan tartibda ish yuritilmaydigan holatlar ham belgilab berildi.
Jumladan, soddalashtirilgan tartibda ish yuritishga huquqbuzar yoki jabrlanuvchi e`tiroz bildirganda, huquqbuzarlik uchun jarimadan boshqa turdagi jazo nazarda tutilgan holatlarda ish soddalashtirilgan tartibda yuritilmaydi.






