Buxoro shahar, Qizilqum ko`chasida yashovchi Gulnoza B. (ism-familiyasi o`zgartirilgan) 9 may Buxoro viloyat IIB boshlig`i nomiga ariza bilan murojaat qilib, o`z arizasida “Telegram” messenjerida “Ipoteka_Bank_ATIB_(official)” botga o`zining plastik kartasi uchun mikrokredit rasmiylashtirish uchun murojaat qilganidan so`ng bot avtomat ravishda uning savollariga javob berish bilan bir qatorda, Gulnoza B.ning plastik karta raqamlari, maxsus kodi hamda ushbu plastik kartani boshqaradigan mobil aloqa operatori raqamlari va qo`shimcha maxsus kodlarni avtomat ravishda aniqlab olganligini, ushbu plastik karta hisobidagi 3 627 500 so`m pul hamda ushbu plastik karta uchun 1 600 000 so`m miqdoridagi kreditni rasmiylashtirib jami 5 227 500 so`m miqdoridagi pullar o`g`irlab olinganini bildirgan va mazkur shaxsni aniqlab, pullari qaytarilishida va qonuniy chora ko`rilishida amaliy yordam so`ragan. Bu haqda IIV Tezkor-qidiruv hamkorligi boshqarmasi xabar qilmoqda.
Ariza yuzasidan olib borilgan tezkor-texnik tekshiruvlar va tuzoq dasturlari natijasida 1999 yilda tug`ilgan, Guliston davlat universiteti talabasi, Farg`ona viloyati, Rishton tumanida yashovchi Jasur O.ga (ism-familiyasi o`zgartirilgan) aloqador bo`lgan virtual hisob raqamlarga kelib tushganligi aniqlandi.
Gumonlanuvchi Jasur O. o`zining sodir qilgan jinoyatini yashirish maqsadida, qo`lga kiritilgan pullarni konvertasiya ilovalaridan foydalangan holda Qozog`iston Respublikasining turli raqamlariga ro`yxatga olingan “Qiwi” hamyonlariga elektron valyutani ayriboshlovchilar yordamida jo`natganligi, shundan so`ng ushbu pullarni 1Xbet, Melbet bukmeykerlikka asoslangan faoliyatlar orqali O`zbekiston Respublikasiga qaytib kiritib, boshqa bir qator operasiyalar bilan o`g`irlangan pullarni o`zining virtual hisob raqamlari orqali naqdlashtirib olgan.
Jasur O.ning barcha hisob raqamlari tekshirib ko`rilib, u bilan surishtiruv jarayonida, unga Respublikaning turli hududlaridan ko`plab fuqarolar murojaat qilganligi, taxminan jami bo`lib 30 millionga yaqin pullarni fuqarolarni plastik kartalaridan o`g`irlab olganligi, barcha harakatlarni mobil telefoni orqali amalga oshirib kelganligini bildirdi.
Jasur O.ning 1 dona qo`l telefoni hamda 4 dona plastik kartasi daliliy ashyo sifatida hujjatlashtirib olinib, to`plangan hujjatlar Buxoro shahar IIO FMB 1-son IIB huzuridagi Tergov guruhiga topshirildi.