Bugun O`zbekistonning shimoliy tumanlariga Volgabo`yi tumanlaridan salqin va kam nam havo oqimi kira boshladi. Kun davomida kirayotgan front respublikaning shimoli va cho`l zonasidan o`tadi, deya xabar bermoqda O`zbekiston Gidrometeorologiya xizmati.
Shunga o`kra, bugundan havo harorati Qoraqalpog`iston, Xorazm viloyatida bugun havo harorati 30-35 darajagacha pasayadi.
Ertaga salqin va kam nam havo oqimi butun O`zbekiston hududiga tarqaladi. Barcha joylarda havo bulutli bo`ladi, Toshkent, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo hamda Farg`ona vodiysi viloyatlarida ayrim joylarga qisqa muddatli yomg`ir yog`adi, momaqaldiroq bo`lishi mumkin. Kunduzgi harorat iyun oyining oxiri uchun qulay bo`lgan ko`rsatkich — 27-32 darajagacha pasayadi.
Sovuq front o`tishi natijasida 26 va 27 iyunda respublikada shamolning tezligi sekundiga 15-20 metrgacha kuchayishi, shiddat bilan esganda tezligi 23-28 m/s gacha etishi kutilmoqda.
Yakshanba kuni O`zbekiston hududi quruq va salqin havo oqimi ta`sirida bo`ladi. Mamlakatimizda ob-havo yog`ingarchiliksiz bo`ladi, kuchsiz shamol esadi. Faqat tog`oldi va tog`li tumanlarda ayrim joylarga qisqa muddatli yomg`ir yog`ishi va momaqaldiroq bo`lishi mumkin. Tunda harorat 15-20 darajagacha pasayadi, kunduzgi harorat 27-32 daraja atrofida saqlanib turadi, bu iyun oyining so`nggi besh kunligi uchun xos bo`lgan me`yoriy qiymatlardan 2-3 darajaga pastdir.






