2015 yilning 10-12 noyabr kunlari O`zbekiston Respublikasi delegasiyasi Xitoyning Chendu shahrida bo`lib o`tgan Shanxay hamkorlik tashkilotiga a`zo davlatlarning yig`ilishida ishtirok etdi.
Yig`ilishda 2005 yilda imzolangan ShHTga a`zo davlatlar hukumatlari o`rtasida favqulodda vaziyatlarni bartaraf etishda yordam ko`rsatish bo`yicha hamkorlik to`g`risidagi bitim nizomlarini amalga oshirish doirasida Qirg`iziston, Qozog`iston, Rossiya, Tojikiston, Xitoy va O`zbekistonning tegishli vazirlik va idoralari rahbarlari tabiiy va texnogen tusdagi favqulodda vaziyatlarda chora ko`rish masalalarini muhokama qildilar.
Yig`ilishdagi chiqishda O`zbekiston delegasiyasi rahbari tomonidan mamlakatimiz ham boshqa davlatlar bilan bir qatorda turli favqulodda holatlarning vujudga kelishi xavfiga duch kelayotganligi ta`kidlandi.
Joriy yilning aprel oyida respublikamiz hududida 480-500 ming metr kub miqdoridagi er ko`chishi ro`yxatga olindi. Surxondaryo viloyatining Uzun tumani Xonjiza aholi punktida 67 xo`jalik mavjud xavf natijasida yashash uchun xavfsiz bo`lgan joyga ko`chirildi, ko`chish harakatlarini doimiy monitoring qilish uchun maxsus uskunalar, ko`chish xavfi mavjud hududlarida esa kuzatuv postlari tashkil etildi.
Shuningdek, mamlakat hududida bir qancha sel oqimlari bo`lib o`tganligi, bularning ba`zilari esa moddiy zararga olib kelganligi qayd qilindi.





