Qashqadaryo viloyati hokimi Zoyir Mirzaev 27 iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan soha xodimlariga Bayram tabrigi yo`lladi:
"Qadrli, matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari!
Soha rivojiga munosib hissa qo`shgan faxriylar, jurnalist va blogerlar!
Barchangizni 27 iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni bilan muborakbod etaman. Sizga o`zimning samimiy hurmatimni bildirib, mashaqqatli va sharafli kasbingiz ortidan hamisha e`zoz topishingizni tilab qolaman.
Keyingi yillarda, mamlakatimiz taraqqiyotning yangi bosqichiga ko`tarilayotgan bir paytda, matbuot va ommaviy axborot vositalarining faoliyati nihoyatda ahamiyatli ekani tobora o`z isbotini topmoqda. So`z erkinligi, oshkoralik, ochiqlik – olib borilayotgan ishlarning bosh mezoniga aylangan. Xalq bilan muloqot qilish, echimini kutayotgan muammolarni tezkorlik bilan bartaraf etish ishida – soha vakillarining qanchalik xolis, haqqoniy yondoshishi jamoatchilik fikrini shakllantirishning mezoni bo`layotgani sir emas.
Davlatimiz rahbari sizning mehnatingizga baho berar ekan: yangilikka intilib, hayotning qaynoq nuqtalariga kirib boradigan, xolislik va xaqqoniylik, Vatan va xalq manfaatlarini birinchi o`ringa qo`yadigan olijanob va mas`uliyatli kasb egalari, - deya e`tirof etadilar. Bu albatta, yuksak ishonch, sharaf va mas`uliyatdir.
Bugun Qashqadaryoda 38 ta gazeta, 4 ta jurnal, 2 ta televidenie, 2 ta radio va 20 ga yaqin rasmiy saytlar faoliyat ko`rsatadi. Jurnalistika, matbaa va ommaviy axborot vositalarida 250 nafardan ortiq xodimlar, saytlarda 30 nafarga yaqin faol blogerlar mehnat qilishadi.
Muhtaram yurtboshimiz tomonlaridan ilgari surilgan ochiqlik siyosati, so`z va matbuot erkinligi bois soha o`zining jamiyatdagi o`rnini mustahkamlab oldi.
Bugungi kunda ommaviy axborot vositalari tezkorlik, xolislik va haqqoniylik prinsiplari asosida xalqimizning ishonchini to`liq qozongani hech kimga sir emas! O`zbekiston jurnalistikasi nafaqat respublika, balki dunyo miqyosidagi voqea va hodisalarga munosabat bildirib borishi bilan birga hayotda qiyin ahvolga tushib qolgan vatandoshlarimizning himoyachisi va ko`makchisiga aylanib ulgurdi.
Albatta, bugungi kun jurnalistikasi yillar davomida orttirilgan tajriba, sohaning zahmatkash insonlari tomonidan yaratilgan maktabga asoslangan holda kamol topgan.
Qashqadaryo jurnalistikasi to`g`risida gap ketganda, viloyatdagi ommaviy axborot vositalarining tamal toshini qo`ygan, sohaning barcha mashaqqatlarini mardonavor engib o`tgan, bugun ham kasbga sadoqati bois tinmay ijod qilayotgan insonlarni faxr bilan tilga olamiz. Shu o`rinda Husan Temirov, Bo`ri Norqobilov, Bo`ritosh Nosirova, Shavkat Sultonov, Mavjuda Rajabova, Yusuf Norov, Baxtiyor Tagirov, Gulbahor Musaeva kabi soha faxriylarining - “Ustoz-shogird” an`analarini davom ettirgan holda yoshlarga soha sirlarini o`rgatib kelayotganini e`tirof etmoqchimiz. Tajribasi, bilim va mahoratini shogirdlarga o`rgatayotgani va bizga ko`makdosh bo`layotganliklari uchun bunday fidoiy insonlarga minnatdorchilik bildiramiz.
Shu o`rinda ta`kidlash kerakki, muhtaram Yurtboshimiz tomonidan 2019 yil 27 iyunda imzolangan “Ommaviy axborot vositalari mustaqilligini ta`minlash hamda davlat organlari va tashkilotlari axborot xizmatlari faoliyatini rivojlantirish bo`yicha qo`shimcha chora – tadbirlar to`g`risida”gi qaror sohada keskin o`zgarishlarga asos bo`ldi. So`nggi bir yil davomida, viloyatda davlat organlari va tashkilotlarda faoliyat olib borayotgan axborot xizmatlari xodimlarining soni 9 nafardan 35 nafarga etdi. Bugungi kunda har bir tashkilot, korxona va muassasada, hokimliklarda matbuot xizmati yo`lga qo`yilganligi sohaga qaratilayotgan e`tibor so`zimizning yorqin isbotidir.
Qadrli, matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari!
Bugun jamiyatda OAV ning o`rni va nufuzi oshib borishida sizning zahmatli mehnatingiz, kerak bo`lsa jasoratingiz beqiyos o`rin tutishini alohida e`tirof etmoqchiman.
Hammamizga yaxshi ma`lum, joriy yil sinovli keldi. Pandemiya davrida, xalqimiz boshidan kechayotgan sinovli kunlarda elkadosh bo`lib, bemor yonida do`st, shifokor yonida hamkasb, umidvor boqqan kishilar yonida hammaslak bo`lib turgan jurnalist va blogerlarni ta`bir joiz bo`lsa – birodarlar degim keladi.
O`z halovatidan kechib, kunu tun xizmat qilayotgan sizdek jonkuyarlarning gohida so`z, gohida tasvir, ovoz vositasida amalga oshirayotgan mehnatingiz kishilar qalbiga umid bermoqda.
Tashvishlarni tezroq engib o`tishda kuch bo`layapti. Ana shunday jonkuyarlik hamisha olqish olib kelsin. Haqqoniy, xalq dilidagi gapni aytish ishi - doimiy ahdingiz bo`lsin. Sog`liq salomatlik, ijodiy yutuqlar va oilangizga fayzu baraka tilab qolaman.
Bayramingiz muborak bo`lsin! "






