Bugun poytaxtimizdagi Respublika ixtisoslashtirilgan terapiya i tibbiy reabilitasiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi klinikasida 82 nafar, Toshkent tibbiyot akademiyasining ko`p tarmoqli klinikasida 50 nafar, shahar 1-son klinik shifoxonasida 45 nafar, jami 177 nafar koronavirus infeksiyasiga chalingan bemor sog`ayib, o`z uyiga kuzatildi. Bu haqda SSV xabar bermoqda.
Ta`kidlash joizki, avval xabar berganimizdek, bugun Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasida 7 nafar, Xorazm viloyatida 18 nafar bemor sog`aygandi. Shu tariqa shifokorlarimizning fidoyiligi sabab bugun 202 nafar inson koronavirus infeksiyasida forig` bo`ldi va sog`ayish ko`rsatkichi bo`yicha yangi rekord o`rnatildi. Eslatib o`tamiz, oxirgi rekord ko`rsatkich 25 iyun kuni qayd etilgan bo`lib, 192 nafar bemor tuzalgan va uyiga kuzatilgandi.
Kecha, 26 iyun kuni esa mamlakatimizning turli hududlaridagi tibbiyot muassasalaridan 161 nafar bemor kuzatildi.
E`tiborli jihati, bugunning o`zida poytaxtimizdagi tibbiyot muassasalarida 184 nafar bemor koronavirus infeksiyasidan forig` bo`lib, ayni paytgacha Toshkent shahri va viloyatida “COVID-19”dan sog`ayganlar soni 3044 nafarga etdi.
Hozirda mamlakatimiz bo`ylab sog`ayganlar soni 5240 nafarni tashkil etmoqda. Endilikda shifokorlarimiz yurtimizning turli hududlarida 2291 nafar bemorni belgilangan standartlar asosida davolamoqdalar.






