AsosiyJAMIYAT

Kelajakka sayohat! Bu albatta mumkin. Ammo qanday?

Har bir yangilik insonni taajubga solishi tabiiy. Va bunday holatga duch kelganimizda his-...

'Kelajakka sayohat! Bu albatta mumkin. Ammo qanday?'ning rasmi

Har bir yangilik insonni taajubga solishi tabiiy. Va bunday holatga duch kelganimizda his-xayajon ta`sirida beixtiyor “ajabo”, “qoyil”, “yashavor”, “ana bo`lmasam”, “bo`lishi mumkin emas” yoki “bo`larkanku” deb yuboramiz. Prezidentimizning Namangan viloyatiga qilgan tashrifi doirasida biz jurnalistlar ham guvohi bo`lgan mamlakatimizdagi eng shirin qovun-tarvuzlar, issiqxonalar shaharchasi, baliqchilik villasi, Xitoy va Eron bozori bilan raqobatlasha oladigan keramika korxonasi, xullas, barcha ob`ektlar bizni yuqoridagi so`zlarni bexosdan ishlatib yuborishimizga sabab bo`ldi. Barchamizni birvarakayiga jamiyki his-xayajon so`zlarini qo`llashimizga arziydigan navbatdagi yana bir manzilda biz O`zbekiston kelajagiga sayohat qilgandek bo`ldik...

UShALIB BO`LGAN “ORZU”

Prezidentimiz Shavkat Mirzieyov Namangan shahrida joylashgan “Orzu” mahalla fuqarolar yig`inida “Obod va xavfsiz mahalla” konsepsiyasi asosida qilinayotgan ishlar bilan tanishdi. Bu mahalladagi yangiliklar siz va bizning an`anaviy qarashlarimizni butkul o`zgartirib yuboradi. “ABL – soft and SS” korxonasi tomonidan taklif etilayotgan loyiha natijasida ushbu mahalla “xay-tek” texnologiyalar asosida “aqlli mahalla”ga aylangan. Hududda o`rnatilgan kameralar va maxsus texnikalar yordamida mahalladagi baxtsiz hodisalar, YTH, mahalliy va xorijiy sayyohlar, hattoki ta`lim muassasalaridagi davomad ko`rsatkichlari, xullas, harakatdagi hamma narsa kuzatuvda bo`ladi. Prezidentimiz loyihani kuzatar ekan, eng katta masala jinoyatchilikni kamaytirishga erishish ekanligini ta`kidladi.

BU HALI HAMMASI EMAS!

Mamlakatimizda yana bir yangilik bo`lgan loyiha – Namangan shahrining ijtimoiy-iqtisodiy geoaxborot monitoring va raqamli boshqaruv tizimi. Bu shunday tizimki, ulkan ekranlarda aks etgan Namangan shahri xaritasida shahardagi:

  • Demografik (shahar aholisining ko`payishi yoki kamayishi);
  • Kambag`allik;
  • Yakka-yolg`iz fuqarolar;
  • Transport;
  • Kriminogen vaziyat;
  • Mehnat bozori (talab/taklif);
  • Davlat xizmatlari agentligi (arizalar holati);
  • Xalq qabulxonasi;
  • Iqtisodiyotda kichik biznes ulushi;
  • Mahalliy byudjet daromad va xarajatlari;
  • Iqtisodiy ko`rsatkichlar;
  • Import/eksport;
  • Elektr energiyasi iste`moli;
  • Mahalliy loyihalar;
  • Covid-19 va hattoki xazinaga tushumlar ham onlayn ravishda o`zgarib, yangilanib turadi. 

BU HAM HALI HAMMASI EMAS!

Arabboy MARAHIMOV, “ABL – soft and SS” korxonasi rahbari:

"Loyiha “aqlli shahar” doirasida ishlaydi. Agar biz turli davlat tashkilotlari bilan kelishuvga erishsak, yuqoridagi ro`yxat yana ham ko`payishi mumkin. Mazkur tizim orqali barcha ma`lumotlar onlayn ravishda yangilanib turadi. Shuningdek, Namangan shahri haritasida turli kategoriyalar bo`yicha muammo va kamchiliklar 3 xil – qizil, yashil va sariq ranglarda namoyon bo`ladi. Bunda qizil ranglar – muammoni, yashil ranglar – ularning echimlarini va sariq ranglar – ko`rilayotgan masalalarni o`zida mujassam etadi. Hujjatlarni ko`rib chiqish vaqti tugashi bilan unga echim bo`lgan yoki bo`lmaganiga qarab sariq rang yashil yoki qizilga o`zgaradi. Shu bilan shahar kartasida eng muammoli hududlar ro`yxati shakllantirilib, ularni ham imkon qadar yashil hududlarga aylantirish bo`yicha tegishli tashkilotlarga ko`rsatmalar beriladi."

Agar bu tizim ishga tushirilsa, ko`plab muammolar echilishi, kamchiliklar esa bartaraf etilishi uchun katta qadam qo`yilgan bo`ladi. Bu loyiha tez orada amalga tadbiq etilishidan umidvor bo`lib qolamiz. Zero, bularning barchasi xalq manfaati va farovonligi uchun!

Sardorbek Rahmonqulov

Mavzuga oid:

Namanganlik tadbirkor ba`zi qurilish mahsulotlari narxini 3 baravarga “sindirmoqchi”

    Boshqa yangiliklar