Pandemiyaning ikkinchi to`lqini xuddi 100 yil avvalgidek bo`ladi — JSST

Dunyo 29.06.2020, 08:35
Pandemiyaning ikkinchi to`lqini xuddi 100 yil avvalgidek bo`ladi — JSST

 Bu haqda Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti bosh direktorining strategik masalalar bo`yicha yordamchisi Raneri Gerraga tayanib, CNN xabar bergan. Unga ko`ra, dunyoda koronavirusning ikkinchi to`lqini yuz bergudek bo`lsa, millionlab odamlar vafot etishi mumkin.  

Mutaxassis koronavirus pandemiyasini XX asr boshidagi «ispan grippi»ga qiyoslagan va global ko`lamda koronavirus pandemiyasi «JSST kutgandek avj olayotganini» aytgan.

«‘Ispan grippi’ bilan taqqoslash shuni ko`rsatmoqdaki, u ham o`zini hozirda koronavirus kabi tutgan. 1918 yil yozida u pasaygan va sentyabr hamda oktyabrda qaqshatqich tarzda yana avj olgan va uning ikkinchi to`lqini vaqtida 50 million kishi halok bo`lgan», — deb ta`kidlaydi Gerra.

«Pandemiya o`zini biz kutayotgandek tutmoqda», — deya qo`shimcha qiladi mutaxassis.

Gerraning bu so`zlari Evropa va dunyoning boshqa mintaqalarida karantin cheklovlari yumshatilayotgani ortida, yangradi. Euronews telekanalining xabar berishicha, JSSTning Evropadagi bo`limi mutaxassislari Evropada cheklovlar bekor qilina boshlangandan keyin koronavirus jadal tarqala boshlaganidan xavotir olmoqda.

Mutaxassislar agar tezkor choralar ko`rilmasa, Evropa davlatlari sog`liqni saqlash tizimi yana tanazzulga yuz tutishidan ogohlantiryapti.

JSSTning Evropa bo`yicha mintaqaviy byurosiga kiruvchi davlatlarda oxirgi haftada 130 mingdan ko`proq yangi kasallanish holati qayd etilgan. «Oxirgi 2 hafta davomida 30 ta davlatda yangi holatlar ko`payayotgani qayd qilinmoqda. Bu davlatlardan 11 tasida infeksiya tarqalishi tezlashgani ko`p sonda kasallanish holatlariga olib keldi va bunga qarshi biror chora ko`rilmasa, Evropa sog`liqni saqlash tizimi yana tanazzulga yuz tutadi», — deydi byuro direktori Xans Klyuge.

 

Worldometer portalining oxirgi ma`lumotlariga ko`ra, ayni vaqtda dunyoda virusga chalinganlar soni 10 milliondan, undan vafot etganlar soni 500 mingdan oshib ketdi.

 

Ma`lumot uchun, «ispan grippi» (ispanka) epidemiyasi 1918 yil yanvaridan 1920 yilgacha davom etgan. Unga butun dunyoda kamida 550 million kishi chalingan. Undan vafot etganlar soni 50-100 milliongacha deb baholanadi. Shunga ko`ra, «ispanka»dan o`lim darajasi 20 foizgacha etgan.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1