16 noyabr kuni O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo`lib o`tdi.
Deputatlar O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan kiritilgan 2016 yilda ish o`rinlari tashkil etish va aholi bandligini ta`minlash dasturi loyihasini muhokama qildilar. Dasturni ishlab chiqishda mehnat bozorining hozirgi holati chuqur tahlil qilindi.
Dasturga muvofiq 2016 yilda 992,7 ming kishini ishga joylashtirish nazarda tutilgan. Ularning 511,5 mingi ta`lim muassasalari bitiruvchilaridir. Shuningdek, xotin-qizlar, nogironlar va aholining ijtimoiy yordamga muhtoj bo`lgan boshqa toifalarini ishga joylashtirishga alohida e`tibor qaratiladi.
2016 yilga mo`ljallangan dastur loyihasini har tomonlama muhokama qilish doirasida siyosiy partiyalar fraksiyalari va O`zbekiston Ekologik harakati deputatlari guruhi vakillari o`z nuqtai nazarlarini bildirdilar. Muhokama ishtirokchilarining fikriga ko`ra, dastur noyob hujjat bo`lib, unda aholi turli qatlamlarining manfaatlari aks etgan. Dastur siyosiy partiyalar fraksiyalari, ekspertlar, turli soha mutaxassislarining fikrlari va takliflarini inobatga olgan holda har yili takomillashib bormoqda.





