Toshkent shahrida aholi orasida koronavirusga chalinish holatlari hamon qayd etilib, boshqa hududlarga qaraganda yuqori bo`lib turibdi. Bu esa karantin cheklovlarini yana-da kuchaytirishni talab etmoqda, deya xabar bermoqda SSV.
Avval xabar qilganimizdek, 28 iyun sanasida yurtimizda koronavirus infeksiyasi tasdiqlangan 266 nafar bemordan 16 nafari aholi orasida aniqlangan bo`lsa, 29 iyun kuni esa 274 nafar bemordan 30 nafari aholi orasida tasdiqlanib, shundan 20 nafari Toshkent shahrida aniqlandi.
Jumladan, Toshkent shahri Mirzo Ulug`bek tumanidagi yashovchi Sh.G`.da, Shayxontohur, Mirobod, Yunusobod, Sergeli va Uchtepa tumanlarida yashovchi 8 nafar fuqaroda (tana harorati ko`tarilganligi sababli namuna topshirgan), Mirobod tumanidagi xususiy oyoq kiyim ta`mirlash ustaxonasi egasi U.U.da, “Megaplanet” savdo majmuasidagi “Sofiya” shirinlik do`koni ishchisi D.T.da, Sergeli tumanidagi “ENTER Engineering” kompaniyasi hisobchisi N.M.da (tana harorati ko`tarilganligi sababli namuna topshirgan), Respublika o`smirlar va chaqiriluvchi yoshlarga tibbiy yordam tashkil etish markazi muqobil tibbiy komissiyasi hamshirasi Sh.Sh.da (tana harorati ko`tarilganligi sababli namuna topshirgan) kasallik aniqlangan.
Shunigdek, Toshkent shahridagi “Kristal” savdo markazi kiyim-kechak do`koni sotuvchisi U.R.da (Qozog`istonga ketayotganligi uchun namuna topshirgan), Yunusobod tumanida yashovchi U.B.da (Yunusobod dehqon bozoriga borgandan keyin tana harorati ko`tarilganligi sababli namuna topshirgan), “Abu Saxiy” savdo markazi xodimi S.Q.da (tana harorati ko`tarilganligi sababli murojaat qilgan), “Toshkent city” qurilish ob`ekti oshpazi M.M.da (tana harorati ko`tarilganligi sababli namuna topshirgan) ham koronavirus qayd etilgan.
Vaziyat tobora jiddiylashayotganini hisobga olib, Respublika maxsus komissiyasining qarori bilan joriy yil 1 iyuldan boshlab, qator karantin cheklovlari joriy etilmoqda. Jumladan, jamoat joylarida uch kishidan ortiq to`planish, tunda esa ko`chalarda, ko`p qavatli uylar va hovlilar oldida bo`lish taqiqlanmoqda.
Sog`liqni saqlash vazirligi, yana bir bor, aholi orasida koronavirusga chalinish xavfi yuqoriligi bois poytaxtimiz aholisi va mehmonlaridan karantin qoidalariga qat`iy amal qilishlarini so`rab qoladi.






