Sinay yarim orolida A-321 samolyotini portlatishga aloqador shaxslar to`g`risidagi ma`lumot uchun 50 million dollar mukofot puli e`lon qilindi. Bu haqda “Vesti.ru” xabar bermoqda.
Bu jinoyatchilarni tutish uchun nafaqat Rossiya, balki butun dunyo tarixida e`lon qilingan eng yirik mukofot summasi hisoblanadi. Xuddi shu miqdordagi mukofot pulini AQSh hukumati 1-raqamli terrorist Usama Ben Lodenning boshi uchun bergan edi.
Bundan oldin 2004-yilda Rossiya hukumati tomonidan Shamil Basaev va Aslan Masxadov singari jinoyatchilarni tutish maqsadida 300 million rubl(o`sha vaqtdagi kurs bo`yicha 10 million dollar) mukofot puli e`lon qilingan edi.
“Terroristlarni tutishga ko`maklashuvchi ma`lumotlar taqdim etgan shaxsga 50 million AQSh dollari miqdoridagi mukofot taqdim etiladi”, — deb xabar beradi Rossiya Federasiyasi Federal xavfsizlik xizmati.
Rossiya Federasiyasi Prezidenti Vladimir Putin samolyot bortida portlashni amalga oshirgan terroristlar topilishini ta`kidlagan. “Terroristlar er sharining qaysi burchagiga yashirinmasin, biz ularni izlashda davom etamiz” — dedi Prezident.
Eslatib o`tamiz, Sharm-el-Sheyx —Sankt-Peterburg yo`nalishida parvoz qilayotgan samolyot avialayner bortida portlovchi moslamaning harakatga keltirilishi natijasida halokatga uchragan edi. Mazkur halokat terakt sifatida baholanmoqda.
Hozirda Rossiya Federasiyasi federal xavfsizlik xizmati va huquq-tartibot organlari tomonidan mazkur jinoyatga aloqador shaxslarni qidirish bo`yicha chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Darakchi.uz'ni Telegram'da kuzating!





