Joriy yilning 24 iyun kuni ijtimoiy tarmoqda “Buxoroda savodsiz gai xodimi yoxud iltimos menga protokol yozing” sarlavhasi ostida video lavha tarqaldi.
Video lavha O`zbekiston Respublikasi IIV YHXBB tomonidan o`rganilganda, joriy yilning 20 iyun kuni soat 18:45 larda, Buxoro viloyati IIB YHXB YPXO 2-safarbar guruhi YPX inspektori A.Yo`ldoshev belgilangan dislokasiyaga asosan, Buxoro shahri “I.Karimov” va “B.Naqshband” ko`chalari kesishgan chorrahada xizmat olib borayotgan vaqtida “Neksiya-3” rusumli, 80 X 414 MA davlat raqam belgili transport vositasi haydovchisini to`xtatgan.
Haydovchining oldiga borib, o`zini tanishtirib, me`yoriy hujjatlarini taqdim qilishini so`ragan. Haydovchi nima sababdan to`xtatilganligini so`raganida, A.Yo`ldoshev haydovchining hujjatlarini tekshirish maqsadida to`xtatganligini tushuntirgan.
Haydovchi me`yoriy hujjatlarini YPX inspektoriga taqdim qilgan. YPX inspektori haydovchi boshqaruvidagi transport vositasining tovush chiqaruvchi moslamasi ishlayotganligini tekshirish maqsadida moslamani ishlatib ko`rishni so`ragan. Haydovchi faqat hujjatlarni tekshirish maqsadida to`xtatilganligini eslatib, moslamani ishlatmasligini aytgan.
Haydovchi YPX inspektoridan xizmat guvohnomasini ko`rsatishini talab qilgan vaqtda xodim xizmat guvohnomasini ko`rsatmagan.
YPX xodimi haydovchiga nisbatan nosamimiy munosabatda bo`lgan va hujjatlarini qaytarib bergan.
Shundan so`ng, mazkur holat yuzasidan O`zbekiston Respublikasi IIV YHXBB tomonidan xizmat tekshiruvi tayinlangan edi.
Ayni paytda IIV YHXBB Axborot xizmatining xabar berishicha, holat yuzasidan o`tkazilgan xizmat tekshiruvi o`z yakuniga etdi. Unga ko`ra, O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 1 dekabrdagi 975-son qarori bilan tasdiqlangan “Yo`l-patrul xizmati xodimlarining yo`l harakati qatnashchilari bilan o`zaro munosabatlari hamda maxsus moslamalardan foydalanishi tartibi to`g`risida”gi nizom talablarini buzganligi uchun Buxoro viloyati IIB YHXB YPXO 2-safarbarlik guruhi YPX inspektori A.Yo`ldoshevga “Tanbeh” intizomiy jazosi e`lon qilindi.






