Toshkent shahar hokimligi Matbuot xizmatining bergan xabariga ko`ra, 2020-2021 yillar kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko`rish dasturi doirasida 2 iyuldan boshlab Olmazor tumani KXAY ko`chasining Farobiy ko`chasi bilan kesishmasidan Beruniy ko`chasi kesishmasigacha bo`lgan yo`nalishdagi magistral issiqlik tarmog`ini kapital ta`mirlash ishlari boshlanmoqda.
Ushbu magistral issiqlik tarmog`i 1986 yili qurilgan bo`lib, issiqlik tarmog`ining kapital ta`mirlanayotgan qismida oxirgi 3 yil davomida 30dan ortiq avariya holatlari qayd etildi.
Ta`mirlash ishlari 14 kun davomida, aholiga issiq suv ta`minoti uzilmagan tartibda amalga oshiriladi. Ish jarayonida KXAY ko`chasining Beruniy ko`chasidan Farobiy ko`chasigacha bo`lgan yo`nalishi qisman yopiladi va avtotransport vositalari qatnovi KXAY ko`chasining Farobiy ko`chasidan Beruniy ko`chasigacha bo`lgan tomonida ko`chani ikkiga bo`lgan holda amalga oshiriladi.
Shu munosabat bilan haydovchilarga yuzaga kelishi mumkin bo`lgan tirbandliklarning oldini olish maqsadida aylanma yo`llardan foydalanishlari tavsiya etiladi.






